Toshkentda “Uzbek Import Fair 2025” I Xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
2025-10-07 15:45:00 / Yangiliklar

Tadbirning ochilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov hamda qator davlat tashkilotlari rahbarlari, nufuzli xalqaro brendlar va distribyutorlar, investorlar, respublikamizning barcha hududlaridan kelgan tadbirkorlar hamda tijorat banklari vakillari ishtirok etdilar.
Uch kun davom etadigan ko‘rgazmada O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyati yuqori bo‘lgan, biroq hozirda import qilinayotgan 3 mingdan ortiq turdagi mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlari ham ko‘rgazmada faol ishtirok etmoqda. Xususan, import o‘rnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlari — qayta ishlangan meva-sabzavotlar, bolalar uchun mo‘ljallangan turli ozuqalar va milliy brendlar ishtirokchilar e’tiborini o‘ziga tortmoqda.
Ko‘rgazma doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ichki bozordagi real ehtiyojni o‘rganish, shuningdek, xorijiy brendlar va transmilliy kompaniyalar bilan B2B formatda muzokaralar olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, sanoatning 24 ta yo‘nalishi bo‘yicha mahalliy kontentni rivojlantirish va importni qisqartirishga qaratilgan samarali yechimlar muhokamasiga bag‘ishlangan panel sessiyalar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.