SSV: Klinik ordinatura (rezidentura) va internaturaga hujjat topshirish hamda tanlov o'tkazish tizimi to'liq o'zgardi
2025-07-21 17:35:00 / Yangiliklar

Tibbiyot kadrlarini shifokorlik mutaxassisliklari bo'yicha klinik ordinatura (rezidentura) va internaturaga o'qishga qabul qilish uchun hujjat topshirish hamda tanlov o'tkazish tartibi tasdiqlandi.
Ushbu tartibga asosan:
klinik ordinatura (rezidentura) va internatura mutaxassisligiga mos ravishda tegishli bakalavriat ta'lim yo'nalishlari bo'yicha test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda baholash mezonlari tasdiqlandi;
tibbiyot oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallari, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, klinik ordinatorlarni o'qitish vakolati berilgan etakchi xususiy klinikalarda klinik ordinatura (rezidentura)ga o'qishga kirish uchun talabgor tomonidan topshiriladigan hujjatlar faqat elektron shaklda tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakasini baholash markazining medtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali qabul komissiyasi mas'ul kotiblari tomonidan qabul qilinishi;
talabgorning klinik ordinatura (rezidentura) va internaturaga kirish uchun bir vaqtning o'zida bir nechta muassasada tanlovda qatnashishining taqiqlanishi;
hujjatlar axborot tizimi orqali dam olish va bayram kunlaridan qat'i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkinligi;
talabgorlarning hujjatlari ommaviy axborot vositalarida tanlov e'lon qilingan kundan boshlab, joriy yilning 21 avgust kuni soat 23:59 ga qadar qabul qilinishi belgilandi.
Bunda, qabul komissiyasi mas'ul kotiblari tomonidan bir ish kuni davomida talabgorga axborot tizimi orqali tanlovga qo'yish yoki qo'ymaslik to'g'risida asoslantirilgan SMS-xabarnoma yuboriladi.
Tanlov jarayonlari kompyuter-test sinovlari shaklida Markaz va uning hududiy bo'limlari tomonidan amalga oshiriladi.
Test variantlari tafsilotlari va foydalanish uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro'yxati test sinovi o'tkazilishidan kamida 10 kun oldin Markazning tmbm.ssv.uz saytida e'lon qilinadi.
Test sinovining ochiq va oshkora o'tkazilishini ta'minlash uchun test-sinovi jarayoni Markazning rasmiy veb-saytida onlayn translyasiya qilinadi hamda audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.