Xalqaro hamkorlik
2025-08-27 12:50:00 / Yangiliklar

25 ta davlatdan 230 dan ortiq mehmon ishtirok etgan forumda genderga yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosat, kadrlar boshqaruvi, investisiya jalb etish va raqobatbardoshlikni oshirish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Shoʻba yig‘ilishlari, seminarlarda ishtirokchilar zamonaviy biznes dunyosida xotin-qizlar duch kelayotgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha taklif, tavsiya va tashabbuslarni muhokama qildilar.
Shuningdek, tadbir doirasida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish, moliyaviy manbalarga ega bo‘lish, biznesning raqamli transformatsiyasi va barqaror iqtisodiyot yaratishda ayollarning roli masalalari keng muhokama qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova forumda ishtirok etib, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va ularning natijalari, istiqboldagi vazifalar haqida ma’ruza qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan alohida ta’kidlanganidek:
“O‘zbekiston hamisha xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularning huquqlarini ta’minlash va salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish borasida xalqaro hamkorlik va konstruktiv muloqot tarafdori bo‘lib kelgan. Biz barcha xalqaro sheriklar bilan tajriba va yechimlar almashishga, tinch va farovon kelajak yo‘lida hamjihatlikda harakat qilishga doimo tayyormiz.
Hozirgi murakkab global sharoitda xotin-qizlar faolligini oshirish, ularni iqtisodiy jihatdan mustahkamlash, inson huquqlari va gender tengligi tamoyillarini hayotga tatbiq etish butun insoniyatning umumiy burchi ekanini chuqur anglab yetish zamonaviy dunyo talabidir. Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilayotgan mazkur forum davlatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvi, hamkorlik va teng imkoniyatlar sari qadam tashlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi”.