Turkiya bilan tibbiyot sohasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2025-08-26 09:25:00 / Yangiliklar

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Turkiyaning o‘zaro hamda turli xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalari tobora kengayib, yangicha ma’no-mazmun kasb etmoqda. Ayniqsa, ikki davlat Prezidentlarining sa’y-harakati bilan oxirgi yillarda hamkorligimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Natijada boshqa sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot yo‘nalishida ham o‘zaro aloqalar mustahkamlanib, salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilayotir. Ayniqsa, tibbiyot markazlari va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik tobora kengaymoqda. Ko‘plab Turkiya farmatsevtika kompaniyalari yurtimizga kirib kelib, o‘z faoliyatini davom ettirayotir.
Uchrashuvda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida Turkiya tajribasi qo‘l kelayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
O‘tgan yildan boshlab turkiyalik mutaxassislar hamkorligida birlamchi tibbiy yordamni isloh qilish, tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, sohani raqamlashtirish, shifoxonalarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, ularni rejalashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, dori vositalari bilan ta’minlash hamda shoshilinch tibbiy yordamni bugungi kun talabi darajasida yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) tomonidan “Salomatlik haftaligi” tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan 9-yil davomida 730 dan ortiq operatsiya, 3 ming 500 dan ziyod maslahat hamda salkam 600 ta treninglar o‘tkazildi.
O‘zbekiston va Turkiya cog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida 2024 —2025-yillarga mo‘ljallangan “Harakat dasturi” ishlab chiqilgan bo‘lib, uning doirasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilyapti. Masalan, shu yilning fevralida Buxoro va Samarqand viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari boshchiligidagi delegatsiya tajriba almashish hamda malaka oshirish maqsadida ushbu davlatda bo‘lib qaytdi.
Ikki davlat sog‘liqni saqlash tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik fan va ta’lim yo‘nalishlarida ham kengayib borayotgani muloqot davomida alohida aytib o‘tildi.
Masalan, 2019-yilda Turkiya tibbiyot fanlari universiteti rektori J. Erdolning sa’y-harakati bilan Buxoro tibbiyot instituti negizida qo‘shma fakultet tashkil etilgan va hozir bu yerda talabalar qo‘shma dastur asosida tahsil olmoqda.
Bugun nafaqat davlat tibbiyot muassasalari, balki nodavlat tuzilmalar o‘rtasida ham munosabatlar kuchayib borayotgani e’tiborga molik.
Umuman, muloqot davomida alohida e’tirof etilganidek, O‘zbekiston va Turkiyaning sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Yakunda elchi vazirlikda yangi tashkil etilgan Raqamli sog‘liqni saqlash markazi faoliyati bilan tanishdi.