Adliya vaziri BMT konferensiyasi doirasida xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etdi.
2025-08-04 17:30:00 / Yangiliklar

Adliya vaziri A.Tashkulov forumdagi chiqishida fuqarolik jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi o‘rni, mintaqaviy integratsiya va iqlim barqarorligiga erishishdagi ahamiyati, shuningdek, fuqarolik tashabbuslari orqali tizimli muammolarni hal qilish zarurligini ta’kidladi.
Akbar Tashkulov: Fuqarolik jamiyati bu shunchaki hamkor emas. Bu davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik. Bu – muammolar bilan birinchi bo‘lib to‘qnash kelganlarning ovozidir. Aynan fuqarolik tashabbuslari tizimli muammolar haqida birinchi bo‘lib bong uradi, innovatsiyalarni ilgari suradi va davlatlarni inson ehtiyojlariga yaqinlashtirishga yordam beradi. O‘zbekistonda bunday tashabbuslarni amalga oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan
Shuningdek, Turkmaniston adliya vaziri Merettagan Taganov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar 2022-yilda qabul qilingan hamkorlik dasturining muvaffaqiyatli yakunlanganini qayd etib, yangi dastur loyihasi doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar:
adliya tizimini raqamlashtirish;
sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish;
advokatura va mediatsiya rivoji;
yuridik kadrlar tayyorlash borasida tajriba almashish.
Uchrashuvda, shuningdek, Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan davlatlarning adliya organlari bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.