"Iqtisodiy mustaqillikdan ijtimoiy faollik sari": Buxoroda milliy anjuman bo‘lib o‘tdi
2025-07-31 15:30:00 / Yangiliklar

Anjuman “Ayollar daftari” tizimi orqali iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlangan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bilim va salohiyatini to‘liq namoyon etishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Buxoro viloyatining barcha tuman va shaharlaridan “Ayollar daftari”ga kiritilgan, mehnatga layoqatli, ishsiz, kasb-hunarga qiziqish bildirgan hamda tadbirkorlikni boshlagan xotin-qizlar o‘z hayot yo‘llarida erishgan muvaffaqiyatlari, kasb tanlash va ish boshlashdagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ular - “Ayollar daftari” orqali davlat ko‘magi bilan tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, turli sohalarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan va mahallalarida boshqalarga namuna bo‘layotgan ayollardir.
Anjuman doirasida “Yetakchi ayollar” klubi ta’sis etildi.
Klub doirasida quyidagi yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
• turli sohalarda muvaffaqiyat qozongan xotin-qizlar tajribasini ommalashtirish;
• mentorlik va maslahat tizimini yo‘lga qo‘yish;
• xotin-qizlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish;
• ijtimoiy loyihalarda ayollar ishtiroqini faollashtirish;
• innovativ g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga ko‘maklashish.
Klub kelgusida bilim va ko‘nikmalarni hayotga tatbiq etish, o‘zaro tajriba almashish va faoliyatni rivojlantirish uchun muhim platformaga aylanishi kutilmoqda.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova hamda viloyat hokimi Botir Zaripov, Respublika Kasaba uyushmalari federatsiyasi Buxoro viloyati "Ayollar daftari" bo‘yicha mas’uli Shavkat Javlonov xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar, amaliy natijalar va istiqboldagi rejalar haqida to‘xtaldilar.
Shuningdek, anjumanda viloyat prokurori va IIB hamda Soliq boshqarmasi boshlig‘i, viloyat kasaba uyushmasi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, sog‘liqni saqlash va adliya boshqarmalari, tijorat banklari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Bo‘lib o‘tgan anjuman o‘tgan 5 yillik faoliyatni sarhisob qilish emas, balki yangi bosqichga qadam qo‘yish, xotin-qizlarning hayotda munosib o‘rin egallashlariga xizmat qiluvchi tashabbuslarni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim platforma bo‘ldi.