Ulan-Batorda O‘zbekistonning eksport salohiyati namoyon etildi
2025-06-25 11:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir O‘zbekiston mahsulotlarini xorijiy bozorlarga keng targ‘ib qilish, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Ko‘rgazmani O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Mo‘g‘uliston Bosh vazirining o‘rinbosari Sainbuyangiyn Amarsayxan tantanali ravishda ochib berdilar.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tayyorlangan 74 turdagi milliy meva-sabzavot, poliz, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlaridan iborat maxsus stend namoyish etildi.
Jumladan, gilos, o‘rik, shaftoli, uzum, quritilgan mevalar (mayiz, o‘rik, olxo‘ri), pista, bodom, no‘xat, sho‘rdanak, qora ikra, behi, anor, olcha vinolari, anjir va yong‘oq qiyomlari, turli xil ziravorlar, qandolat mahsulotlari, salqin va alkogolli ichimliklar kabi eksport salohiyatiga ega mahsulotlar keng miqyosda taqdim etildi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Mo‘g‘uliston Bosh vazirining o‘rinbosari Sainbuyangiyn Amarsayxan mahsulotlar bilan yaqindan tanishib chiqdilar.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlar chog‘ida o‘zbekistonlik tadbirkorlar va xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida umumiy qiymati 11 million AQSh dollariga teng eksport shartnomalari imzolandi. Ular, asosan, qandolat mahsulotlari, quritilgan va yangi mevalar, salqin va alkogolli ichimliklarni yetkazib berishga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi O‘zbekistonning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini namoyon etish, milliy mahsulotlarni xalqaro bozorda targ‘ib qilish hamda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.