“Yashil startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi” g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
2024-04-01 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 29-mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ) bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda yashil sanoatlashtirishni rivojlantirish” loyihasi doirasida “Yashil startap loyihalarini g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Bir necha kun oldin “Yashil startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida eng yaxshi loyihalarni saralab olish tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.
Dastur doirasida 6 nafar innovatsion va “yashil” loyihalar tanlab olindi va ularni rag‘batlantirish maqsadida startap bosqichiga qarab quyidagi loyihalarga 20 milliondan 200 million so‘mgacha grant mablag‘lari ajratildi:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan, avtomobil yo‘llarida o‘rnatishga moslashtirilgan quvvati 1-5 kilovattgacha bo‘lgan shamol generatori “Samsara” loyihasiga — 200 million so‘m;
- quyosh panellaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini taqsimlash va boshqarish uchun o‘rnatiladigan “Innovatsion mahalliy invertor ishlab chiqarish” loyihasiga — 60 million so‘m;
- sanoat chiqindi suvlaridan zarar ko‘rgan suv havzalarini innovatsion o‘simliklar bilan tozalashga qaratilgan “Clean Water” loyihasiga — 60 million so‘m;
- quyosh panellarini harakatlantirish orqali ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan “Smart Panels” loyihasiga — 60 million so‘m;
- ion almashuvchi yelimdan foydalangan holda sanoat korxonalaridagi chiqindi suvlarni tozalab, qayta ishlab chiqarishga yo‘naltirish imkonini yaratuvchi “Wastewater Treatment” loyihasiga — 60 million so‘m;
- havodagi zararli zarrachalar miqdori, issiqxona gazlari hajmi va tarkibi hamda havo namligini aniqlash imkoni beruvchi qurilma — “Air Quality” g‘oyasiga — 20 million so‘m.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati