OILA – JAMIYAT TAYANCHI, MAʼNAVIYAT BESHIGI
2025-05-16 20:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Darhaqiqat, oʻzaro hurmat, shukronalik, hamjihatlik bor oilalarda fayz boʻladi. Bunday oilalar sababidan, mahalla tinch, jamiyat obod boʻladi. Mahallasi tinch yurtda esa, rivojlanish, farovonlik va barqarorlik hukm suradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Oila – muqaddas goʻsha, jamiyatning birlamchi boʻgʻini” mavzusida tashkil etilgan davra suhbati aynan yuqoridagi mavzu mohiyatini ochishga xizmat qildi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
– Bugun jamiyatimizning maʼnaviy ustuni boʻlgan oila institutini mustahkamlash, sogʻlom va barkamol avlod tarbiyasi uchun zarur muhit yaratish — barchamizning umumiy burchimiz, – deydi Vazirning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi O. Maxmudov. – Oila nafaqat muhabbat va mehr-oqibat maskani, balki jamiyatning iqtisodiy va maʼnaviy rivojida muhim oʻrin tutadigan muqaddas goʻsha, jamiyatning asosiy va birlamchi boʻgʻinidir.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, vazirlikda faoliyat yuritayotgan har bir xodimning shaxsiy hayotida barqaror va sogʻlom oila muhiti boʻlishi, uning mehnat samaradorligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
– Bugungi kunda ayollarning oila va jamiyatdagi roli tobora ortib bormoqda. Vazirligimizda koʻplab fidoyi, bilimdon va masʼuliyatli ayollar oʻz bilim va tajribalari orqali iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshmoqda, – deya davra suhbatini davom ettirdi Vazirlikning Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilot rahbari Dilorom Mirzajonova. – Ayniqsa, ibratli oilalarni targʻib qilish, ularni eʼtirof etish va ragʻbatlantirish ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Vazirligimizda bunday oilalar koʻplab topiladi. Ana shunday ibratli oilalarni vaqtida qadrlash va ragʻbatlantirish lozim.
Shunday oilalardan biri – Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish departamenti Kadrlarni hisobga olish boshqarmasi bosh mutaxassisi Umida Asqarovaning oilasidir. U ishda – masʼuliyatli va fidoyi xodim, oilada esa – mehribon ona, samimiy va birdamlikni qaror toptirgan moʻtabar ayol. Ana shu yuksak insoniy fazilatlari, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgani uchun Hukumat komissiyasining xulosasiga koʻra, Umida Asqarova “Ibratli oila” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Vazirlik jamoasi mazkur anjumanda oʻz oilasi aʼzolari bilan tashrif buyurgan Umida Asqarovani yuksak eʼtirof bilan samimiy muborakbod etishdi.
Oʻz navbatida, Umida Asqarova ham oʻz oilaviy qadriyatlari haqida oʻrtoqlasharkan, quyidagi fikrlarni bildirdi: “Oila – faqatgina shaxsiy hayot emas, balki jamiyatning barqarorligi, maʼnaviyati va kelajagi uchun masʼul maskandir. Har bir oilaning farovonligi va maʼnaviy yuksalishi butun xalqimizning taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Shuningdek, oila – muqaddas va muazzam goʻsha boʻlib, bu yerda oʻzaro hurmat, muhabbat, sadoqat, bagʻrikenglik, vatanparvarlik va mehnatsevarlik kabi asriy qadriyatlar shakllanadi. Har bir ota-ona farzandiga namuna boʻlishi kerak. Chunki farzandlarimiz bizdan oʻrnak oladi, soʻzimizga, feʼl-atvorimizga qarab ulgʻayadi. Shu bois, oilada har bir harakat, har bir munosabat tarbiyaviy ahamiyatga ega. Demoqchimanki, ushbu yutuqqa erishishda turmush oʻrtogʻimning alohida va munosib hissalari bor deb bilaman”.
Xodimlar tomonidan mavzuga doir sheʼrlar oʻqilishi, qizgʻin savol-javoblar, mulohaza va fikr almashinuvlari tadbirga yorqin taassurot olib kirdi.
Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi,
Xotin-qizlar masalalari boʻyicha
boshlangʻich tashkiloti