“Genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish” bo‘yicha o‘quv seminar bo‘lib o‘tmoqda
2024-10-30 20:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur seminar “BMT Ayollar tuzilmasi” hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida joriy yilda imzolangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumiga asosan, davlat moliyasini boshqarish tizimiga genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirishni bosqichma-bosqich joriy etish doirasida tashkil etildi.
Ushbu seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad seminar ishtirokchilarining genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, xalqaro ekspertlar tomonidan mazkur yo‘nalishda to‘g‘ridan-to‘gri tushunchalar berilishi, seminar ishtirokchilari hamda ekspertlar o‘rtasida muloqot o‘rnatish hisoblanadi.
Ushbu o‘quv seminarda “BMT Ayollar tuzilmasi”ning O‘zbekiston bo‘yicha dasturi rahbari Jeren Guven Guresh, “BMT Ayollar tuzilmasi”ning ekspertlari Blerina Xhani hamda Mustafa Chadir kabi mutaxassislar ishtirok etishdi.
Seminar davomida genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish, uning elementlari, gender statistikasi, budjet jarayonlariga genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish tamoyillarini joriy etish va boshqa yo‘nalishlar haqida ekspertlar tomonidan tushunchalar berildi.
Seminar boshida “BMT Ayollar tuzilmasi”ning O‘zbekiston bo‘yicha dasturi rahbari Jeren Guven Guresh so‘zga chiqib, seminardan ko‘zlangan maqsad, “BMT Ayollar tuzilmasi”ning O‘zbekistondagi faoliyati haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova so‘zga chiqib, mamlakatimizda gender tengligi sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ularni davlat moliyasini boshqarish tizimiga uyg‘unlashtirish haqida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda gender tengligining holati, qonunchilik bazasi va strategiyalari, boshqaruvda gender tengligi, gender tamoyillarini hisobga olish kabi mavzularda tushunchalar berildi hamda seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga ular tomonidan javob berildi.
Mazkur seminar joriy yilning 31-oktabr hamda 1-noyabr kunlari ham davom etishi rejalashtirilgan.
Bunda seminarning ikkinchi kunida genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish haqida asosiy tushunchalar, genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish vositalari, budjet jarayonida bir ishtirokchining roli va masʼuliyatlari tushuntirilib o‘tiladi. Seminarning yakuniy kunida esa, genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish va davlat moliyasini boshqarish, gender statistikasi, genderga taʼsir qiluvchi asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari, kelgusidagi qadamlar bo‘yicha tushunchalar berilishi ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati