Rasmiy munosabat
2025-08-04 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi 606-son qarori bilan tasdiqlangan “Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari (kvotalar) Oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, qabul tartibiga ko‘ra:
- abituriyentlar har yili 10-iyuldan 10-avgustga qadar (shu kuni ham) maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tadi;
- kirish imtihonlari shakli, baholash mezonlari va muddatlari oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanib, har yili 1-iyulga qadar oliygohning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
- qabul natijalari esa 30-avgustga qadar oliy ta’lim muassasalari tomonidan e’lon qilinadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha qabul parametrlari (kvotalar) har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi hamda ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Shu munosabat bilan, qabul jarayonlariga oid to‘liq ma’lumotni olish uchun abituriyentlarga bevosita hujjat topshirgan oliy ta’lim tashkilotining qabul komissiyasiga murojaat etish tavsiya etiladi.