Andijonda o‘tkazilgan “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasida 1000 nafardan ortiq talabalar uchun ish o‘rni aniq bo‘ldi
2025-07-31 10:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Andijon davlat universiteti hududida tashkil etilgan ushbu tadbir “Kelajakka qadam” dasturi va “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Oʻzmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Andijon viloyati hokimligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida o‘tkazildi.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — bitiruvchilarning ishga joylashishiga ko‘maklashish, ularning kasbiy yo‘lini belgilash hamda biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Yarmarka doirasida 328 ta yirik ish beruvchi va tijorat banklari tomonidan 2 176 ta bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. Shu bilan birga, yuqori kurs talabalariga malakaviy amaliyot o‘tash uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.
Tadbirda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari va texnikum bitiruvchilarining 9 235 nafari ishtirok etdi. Ulardan 2 459 nafar talaba ish beruvchilar bilan bevosita suhbatda bo‘lib, 1 031 nafar talaba aniq ish o‘rni topishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, biznes g‘oyalarini taqdim etgan talabalarning 72 nafari tadbirkorlikka yo‘naltirildi.
Mazkur loyiha doirasidagi tadbirlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.