Fransiya elchisi bilan uchrashuv: hamkorlik natijalari koʻrib chiqildi
2025-07-30 12:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Bushez xonimning elchi sifatidagi faoliyati davomida ikki tomonlama hamkorlik doirasida erishilgan natijalarga ijobiy baho berib, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.
Elchi Bushezning bevosita eʼtibori va qo‘llab-quvvatlashi tufayli mazkur sohalardagi hamkorlik mustahkam shartnomaviy-huquqiy asos bilan taʼminlandi. Mazkur hujjatlar oliy taʼlim, akademik almashinuv, muhandis kadrlar tayyorlash va kasbiy taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik poydevorini yaratdi.
Uchrashuvda, shuningdek, O.Bushezning ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishdagi shaxsiy hissasi alohida taʼkidlandi. Bugungi kunda Oʻzbekiston va Fransiya universitetlari o‘rtasida 40 dan ortiq kelishuv amal qilmoqda, birgalikda o‘quv dasturlari joriy etilmoqda.
Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi.