Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Guliston davlat universitetida sayyor qabul oʻtkazdi
2025-07-29 19:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Qabulda professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar hamda mahalliy aholi vakillari oʻz muammo va takliflari bilan ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida koʻtarilgan masalalar mazmunan turlicha boʻlib, ularning har biri vazir tomonidan diqqat bilan eshitildi va tegishli tartibda koʻrib chiqildi.
Jumladan, farzandini texnikumga imtiyoz asosida qabul qilish boʻyicha qilingan murojaat, akademik mobillik asosida oliy taʼlim muassasasiga oʻqishni koʻchirish masalasi, hamda dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilgan shaxsning diplom olishi yuzasidan bildirilgan murojaatlar boʻyicha joyida tegishli qarorlar qabul qilindi hamda masʼul boʻlim va tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, sayyor qabulda Guliston davlat universiteti qoshida harbiy kafedra tashkil etish, universitetning ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, Ilmiy kengashning samaradorligini oshirishga doir fikr va takliflar ham bildirildi. Bu takliflar muhokama qilinib, ularni amalga oshirish imkoniyatlari oʻrganilishi belgilandi.
Mazkur sayyor qabul Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ochiqlik, jamoatchilik bilan muloqot va aholi muammolariga befarq boʻlmaslik tamoyillariga amal qilinayotganini yana bir bor tasdiqladi. Barcha murojaatlar yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborildi va belgilangan muddatlarda jamoatchilikka natijalar yuzasidan maʼlumot beriladi.