O‘zbekiston va Ozarbayjon: oliy ta’lim va ilm-fan sohasida strategik sheriklikning yangi bosqichi
2025-07-04 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlarini asrlar davomida mushtarak til, madaniyat, tarix, din va albatta, ta’lim-tarbiya bir-biriga bog‘lab kelgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam rishtalar nafaqat o‘tmishga tayangan, balki bugungi kundagi hamkorlik va kelajakdagi strategik sheriklik uchun ham muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu rishtalar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va birodarlik tuyg‘ulari bilan mustahkamlangan. Mazkur yo‘nalishda ikki davlat rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning shaxsiy ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayni shu sa’y-harakatlar tufayli, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari strategik hamkorlik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bu siyosatdan tortib, iqtisodiyot, ijtimoiy, gumanitar, ta’lim va madaniyat sohalarini qamrab olmoqda. Buning uchun barcha tashkiliy va institutsional mexanizmlar yaratilgan. Xususan, Davlatlararo Oliy kengash, Hukumatlararo komissiya, Ishchi kengash va qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi ikki baravar oshdi. Davlatimiz rahbarining Ozarbayjonga amalga oshirayotgan bu galgi davlat tashrifi va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligi nishonlanayotgan paytga to‘g‘ri kelibgina qolmay, ittifoqchilik munosabatlarimizni yanada yuksak darajaga ko‘tardi. Yana ham to‘g‘rirog‘i, munosabatlarimiz tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada bo‘lmagan. Diqqat bilan e’tibor beradigan bo‘lsak, kuni kecha Xiva shahrida birinchi Parlamentlararo forum bo‘lib o‘tdi. Bokuda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Hududlar forumi samarali o‘tdi. Andijonda ilk bor rektorlar forumi tashkil etilib, 60 dan ortiq shartnoma imzolandi. Ozarbayjonning «Shirvon» ansambli Xiva baxshichilik festivali Gran-prisini qo‘lga kiritdi.
Davlat rahbarlarining muzokaralarida erishilgan kelishuvlarning ahamiyati shundaki, amaldagi hamkorlik formatlari kengaytiriladi va yangi formatlar yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, siyosat, iqtisodiyot, transport va energetika singari sohalarda chuqur hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, ayni chog‘da oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishidagi aloqalar ham sifat jihatidan yangicha bosqichga kirib bordi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar asrlar davomida shakllangan mushtarak tarix, madaniyat va qadriyatlarga tayangan holda, bugungi kunda ilm-fan va ta’lim sohasida yangi mazmun kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida imzolangan ikki davlat o‘rtasidagi “Ilm-fan, oliy va kasbiy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi Bitim ana shu strategik sheriklikning yangi yo‘nalishini belgilab berdi.
Mazkur Bitim tomonlarning o‘zaro ishonch, teng huquqlilik va manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Hujjatda belgilanganidek, O‘zbekiston va Ozarbayjon ta’lim va fan sohalaridagi hamkorlikni milliy qonunchilik doirasida rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha qator yo‘nalishlarda faol hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Ilmiy muassasalar va oliygohlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, talabalar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvini tashkil etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘quv-uslubiy materiallar va innovatsion tajriba bilan o‘zaro almashish — bularning barchasi Bitim mazmunida alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, o‘zbek va ozarbayjon tillarini o‘zaro o‘qitish, konferensiyalar, forum va seminarlarda ishtirok etish, fan va ta’lim sohalaridagi yangi texnologik yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlar ham ko‘zda tutilgan.
Ushbu hamkorlik doirasida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har yili har ikki davlatning 10 nafar talabasi — bakalavr, magistr va doktorant yo‘nalishlarida — akademik kvota asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ta’lim xarajatlarini moliyalashtirish va nomzodlarni tanlash kabi masalalar diplomatik kanallar orqali hal qilinadi.
Ushbu hujjat ikki davlatning ta’lim va fan sohasidagi uzoq muddatli hamkorligini qonuniy asosda mustahkamlab, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. U bilim, ilmiy tajriba va madaniy yaqinlik orqali ikki xalqni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Imzolangan Bitim — O‘zbekiston va Ozarbayjonning ma’rifat yo‘lidagi hamkorligi, birgalikdagi rivoj va taraqqiyot sari qo‘ygan qadamidir. Bu nafaqat ikki mamlakat, balki mintaqa ta’lim makoni uchun ham muhim hujjat hisoblanadi.
Ushbu Bitim kelajakda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim va fan sohalaridagi munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishiga zamin bo‘ldi. U ikki davlatning akademik salohiyatini oshirishga, jahon miqyosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Mazkur Bitimning amalga oshirilishi ikki davlat yoshlari uchun yangi ta’lim va ilmiy salohiyat eshiklarini ochadi. O‘zbekiston va Ozarbayjon oliygohlari o‘rtasidagi qo‘shma dasturlar, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvi, ilmiy izlanishlar va akademik muloqotlar orqali yoshlar zamonaviy bilim, yangi tajriba va keng dunyoqarashga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar uchun ham xalqaro stajirovkalar, konferensiyalar va treninglarda ishtirok etish imkoniyatlari yaratilib, ularning malakasi yanada oshiriladi, ta’lim jarayoniga ilg‘or metodika va yondashuvlar tatbiq etiladi.
Bitim innovatsion hamkorlikning rivoji uchun ham mustahkam zamin yaratadi — ikki tomonlama ilmiy tadqiqotlar, yangi texnologiyalar va ishlanmalarni amalga oshirishga imkon beradi. Bu jarayon nafaqat ta’lim sohasini, balki iqtisodiyot va sanoatni ham yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Madaniy yaqinlik va til almashinuvi orqali esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, qadriyatlarga hurmat va do‘stona munosabat yanada mustahkamlanadi. O‘zbek va ozarbayjon yoshlari bir-birining tillari, madaniyati va an’analari bilan tanishib, ma’naviy jihatdan boyib boradi.
Eng muhimi, ushbu Bitim kelajakda kadrlar tayyorlash, fan va ta’limni rivojlantirishda izchil va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. U ikki davlatning xalqaro ta’lim maydonidagi nufuzini oshiradi, mintaqaviy hamkorlikka yangi mazmun bag‘ishlaydi va ikki xalqning ma’rifat sari qo‘ygan qadamlarini birlashtiradi.
Ta’kidlash joizki, hozirgacha O‘zbekiston va Ozarbayjon universitetlari o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bitimlari, memorandumlar va qo‘shma dasturlar imzolangan. Talabalar, o‘qituvchilar, professorlar, ilmiy xodimlar o‘rtasida faol akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Bok-u neft oliy maktabi o‘rtasida ikki tomonlama samarali hamkorlik doirasida “1+1” formatda qo‘shma magistrlik dasturi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur dastur xalqaro ta’lim standartlari asosida tashkil etilgan bo‘lib, talabalarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini chuqurlashtirish, ilmiy-amaliy faoliyatga jalb qilishni maqsad qiladi. Shu orqali ikki mamlakat yoshlarining global mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishiga sharoit yaratiladi.
Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab “Moliya” va “Biznes tahlili” yo‘nalishlari bo‘yicha ham qo‘shma magistrlik dasturlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu dasturlar orqali talabalar ikki davlatning ilg‘or ta’lim tajribasidan foydalanish, mutaxassislardan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’lim olish, hamda strategik fikrlash va tahlil qobiliyatini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bunday qo‘shma ta’lim loyihalari ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ishonchli hamkorlik samarasi bo‘lib, uzoq muddatli ilmiy va akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Termiz davlat universiteti va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Ozarbayjonning nufuzli oliygohlari bilan talabalar almashinuvi dasturlarini boshlab yuborgan.
Shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti hamda Ozarbayjon davlat neft va sanoat universiteti o‘rtasidagi samarali hamkorlik yillar davomida ilm-fan va texnologiya yo‘nalishlarida chuqur mazmun kasb etmoqda. Bu hamkorlikning yaqqol namoyon bo‘lgan shakli – “Intellektual tizimlar” xalqaro konferensiyasi – yildan yilga o‘z nufuzini mustahkamlab, global ilmiy hamjamiyat e’tiborida mustahkam o‘rin egallab kelmoqda.
2018-yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan mazkur anjuman ilk bor Bok-u shahrida start olgan bo‘lsa, keyinchalik Toshkent va yana Bok-u shaharlarida navbatma-navbat o‘tkazilishi uning xalqaro ahamiyatini yanada oshirdi. Turli mamlakatlardan nufuzli olimlar, yosh tadqiqotchilar, muhandis va mutaxassislar to‘planib, sun’iy intellekt, robototexnika, mexatronika, “aqlli” yechimlar va avtomatlashtirish sohalaridagi innovatsion g‘oya va natijalarini o‘zaro taqdim etib, tajriba almashmoqdalar.
Konferensiya doirasida yuzlab ilmiy maqolalar dunyo ilmiy maydonida tan olingan platformalarda e’lon qilindi, o‘zaro akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yildi, intellektual tizimlar bo‘yicha ilmiy maktab shakllandi va u doimiy ravishda faoliyat yuritmoqda. Endilikda ushbu samarali yo‘lning yangi bosqichi sifatida WCIS konferensiyasini 2026-yili yana Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu ikki mamlakatning yetakchi texnik universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanib, yangi bilimlar, loyihalar va imkoniyatlar eshigini ochishini anglatadi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida tashkil etilgan Fuzuliy nomidagi o‘zbek–ozarbayjon ilmiy-tadqiqot markazi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ma’naviy-ma’rifiy hamkorlikning amaliy ko‘rinishiga aylandi. Markaz o‘z faoliyatini boshlagan ilk kunlaridanoq ilm-fan, adabiyot va madaniyat sohalarida turli tashabbuslarni hayotga tatbiq etib kelmoqda. Mazkur markaz tashabbusi bilan bugunga qadar qator ilmiy-nazariy, madaniy-adabiy tadbirlar, kitob va jurnallar taqdimotlari, badiiy va hujjatli filmlar premeralari tashkil etildi. Shuningdek, xalqaro ilmiy anjumanlar, konferensiyalar ham o‘tkazilib, markaz vakillari Ozarbayjondagi shu kabi tadbirlarda ham doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqda.
Markaz qoshida faoliyat yuritayotgan «Fuzuliy dilbandlari» to‘garagi esa yoshlarni o‘zbek va ozarbayjon adabiyotining mushtarak ildizlari bilan tanishtirish, adabiy merosni chuqur anglash va qadrlashga xizmat qilmoqda. To‘garak a’zolari ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashga intilmoqda, xususan, ozarbayjon tilini o‘rganish, she’riy va ilmiy matnlarni tarjima qilish bo‘yicha tajriba orttirmoqdalar.
Tashrifning yana bir esda qolarli voqeasi Bok-u shahrida «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yilgani bo‘ldi. Yangi bog‘ poytaxtning nufuzli va jadal rivojlanayotgan «Oq shahar» mavzesidan o‘rin oldi. Loyihaga ko‘ra 4,5 gektar maydonda O‘zbekistonning boy madaniyati va an’analarini namoyish etadigan ulkan majmua barpo etiladi. Bog‘ hududida yurtimiz me’moriy obidalari nusxalari, sayilgohlar, yashil hududlar, mehmonxona, turli savdo va ko‘ngilochar maskanlar tashkil etiladi. Binolar qurilishi va bezagida o‘zbek milliy me’morchiligi an’analari hamda naqshlaridan foydalaniladi. Bu bog‘ning ishga tushirilishi Ozarbayjonda O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarni yana boyitishga, xalqi madaniyati, an’analari va urf-odatlaridan boxabarligini oshirishga, xalqlarimizning qardoshlik munosabatlari mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizning Bok-u shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilishi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi stratyegik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga ko‘maklashadi. E’tiborlisi, elchixona zallari O‘zbekiston hududlari nomi bilan atalgan. Prezidentimiz xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ramzi sifatida zallardan biriga Qorabog‘ nomini berishni taklif etgani ozarlar qalbini shodlikka to‘ldirdi. Zero, yaqin vaqtlargacha bosib olingan Qorabog‘ ozarlar dilidagi og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lgan.
Tan olib aytish kerakki, qardosh xalqlar bo‘lsak-da, Ozarbayjon bilan munosabatlarimiz hech qachon bu qadar yaqin, do‘stona va samimiy bo‘lmagan. Ikki davlat rahbarining so‘nggi yillardagi sa’y-harakati, tashabbusi bilan hamkorlik aloqalarida mutlaqo yangi davr boshlandi. Xususan, Prezident Ilhom Aliyevning 2022-yil iyun va 2024-yil avgust oylaridagi O‘zbekistonga davlat tashrifi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil avgust oyida Ozarbayjonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlardagi muhim voqelik bo‘ldi. O‘shanda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. O‘zbekiston yetakchisining Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrifi ozar xalqining ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Chunki Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurilishi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan yangi maktab xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, o‘sib kelayotgan ozarbayjonlik o‘g‘il-qizlarni O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimizning merosiga oshno qilishga xizmat qilyapti.
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy aloqalar nafaqat ikki xalqning kelajagi uchun muhim, balki mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyot uchun ham ahamiyatli omilga aylanmoqda. Yangi imzolangan Bitim bu yo‘ldagi yirik bosqich bo‘lib, oliy ta’lim sohasida sifatli o‘zgarishlar, ilmiy yondashuvlar va texnologik yangilanishlar uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi.
So‘zim yakunida O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari o‘rtasida yaqin va ko‘p qirrali sheriklik yo‘lga qo‘yilganini ham alohida ta’kidlamoqchiman. 2022-yilning aprelida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangani ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarining tizimli va mustahkam aloqalarini mustahkamlash kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanayotgani, ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarida do‘stlik guruhlari faoliyat ko‘rsatayotganligini ham alohida tilga olmoqchiman. Biz, deputatlar oldida yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash, shu jumladan, parlamentlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar hamda boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni huquqiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish vazifasi turibdi.
Shuningdek, parlamentlarning mutasaddi qo‘mitalari va komissiyalari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatish, parlament delegatsiyalari o‘zaro tashriflarini kengaytirish ustida ham ishlar olib borilayapti. Kuni-kecha qadimiy Xiva shahrida O‘zbekiston — Ozarbayjon birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tgani, nafaqat tarixan qadriyatlari va o‘tmishi mushtarak xalqlarning birligini ifodalovchi anjuman, balki parlamentlararo hamkorlikning yangi, sifat jihatdan yuqori bosqichiga yo‘l ochuvchi anjuman bo‘lgani bilan ahamiyatlidir. Forumda do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish, ularni parlamentlararo komissiyalar darajasiga ko‘tarish, qo‘shma qonunchilik tashabbuslari ishlab chiqish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli transformatsiya va ekologiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu anjuman parlamentlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi formatda rivojlantirishga turtki beradi. Zero, unda qonun ijrosini nazorat qilish, biznes va investitsiya muhitini yaxshilash, raqamli islohotlar, kiberxavfsizlik, madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalar, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ayollar va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni kabi mavzularga e’tibor qaratildi.
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida barpo etilayotgan hamkorlik zamonaviy dunyoda ikki qardosh xalqning intellektual, iqtisodiy va madaniy uyg‘unligini namoyon etuvchi mustahkam ko‘prikka aylanmoqda. Biznes va investitsiya, ilm-fan va ta’lim, madaniyat va adabiyot kabi qator jabhalarda o‘zaro manfaatli aloqalar kengayib, har ikki mamlakat rivojiga xizmat qilmoqda. Ayni paytda, do‘stona munosabatlarning shunday mustahkam zamin ustida rivojlanayotgani, xalqlarimizning ma’naviy yaqinligi va o‘zaro ishonchi bu hamkorlikni yanada keng qamrovli va bardavom qilishi shubhasiz. Dunyo o‘zgarsa-da, yuraklarni bog‘lagan qadriyatlar, hamjihatlik va yaqinlik aloqalari hamisha saqlanib qoladi — bu esa ikki xalq kelajagining eng ishonchli kafolatidir.