Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha iqtisodiy o‘qish tashkil etildi
2025-05-31 16:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev olib borib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan hujjatlarda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishda vazirlik, tizim tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda mutaxassislarining roli va shaxsiy mas’uliyatini alohida ta’kidladi.
O‘qish doirasida oliy ta’lim va ilm-fan sohasini rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalariga oid dolzarb yo‘nalishlar keng muhokama qilinib, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni, ularni amaliyotga tatbiq etishdagi ustuvor vazifalar, shuningdek, kasbiy ta’lim muassasalarining bu jarayondagi o‘rni va mas’uliyati atroflicha yoritildi.
Seminar-trening davomida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ta’lim oluvchilarni qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashildi hamda bu borada tizimli yondashuvni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot, savol-javoblar o‘tkazilib, seminar-trening muhim xulosalar bilan yakunlandi.