Jaholat – o‘limdir, bilim – tiriklik...
2025-05-29 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘ylab qolaman, bir olimning yaralishi, kamolotga erishishi, dovrug‘ qozonishi uchun yarim asrdan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Mana shu o‘tgan davr ichida u o‘zi uchun yashamaydi. Butun fikri, xayoli ilmda bo‘ladi. Ilm uning hayotining mazmuniga, maqsadiga aylanadi.
Akademik Azimboy Sa’dullayev qancha katta olim bo‘lsa, shuncha kamtar inson edi. U kishi bilan suhbatlashganlar juda keng dunyoqarashga ega, ilm-ma’rifatli fidoyi olim siymosini ko‘rardi.
Akademik Azimboy Sa’dullayev qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin, hamisha oddiy, halol, sodda insonligicha qoldi. Urganch davlat universitetining rektori lavozimida ishlaganda juda ko‘p masalalarda maslahatlashar edik, fikr almashardik. Keyinchalik, domla Ma’mun akademiyasida, Toshkentda o‘z faoliyatini davom ettirganda ham o‘rtamizdagi samimiy do‘stlik, qadrdonlik tobora mustahkamlanib bordi.
Olim bir umr xolislikka, to‘g‘rilikka, halollikka intilib yashadi. Bu borada Azimboy Sa’dullayevni ko‘pchilikka ibrat qilib ko‘rsatsa bo‘ladi. Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, ko‘plab fan nomzodlari, fan doktorlari tayyorlashda, darsliklar yozishda, maqolalar, monografiyalar chop etishda Azimboy Sa’dullayev beg‘araz yordam ko‘rsatgan edi. SamDUda o‘tkazilgan anjumanlarning tashkilotchisi va ishtirokchisi edi.
Olimdan juda katta va boy ilmiy meros qoldi. 15 monografiya va 200 dan ortiq maqolalar fikrimizning yorqin dalilidir.
Afsuslanarli tomoni shundaki, Azimboy Sa’dullayevdek olimlar bugun Vatanimizga, xalqimizga juda-juda kerak. Uning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.
Behudaga aytilmagan: “Olimning o‘limi - olamning o‘limi”, “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir”. Azizlar, atrofimizdagi kamtarin, xokisor insonlarni avaylab-asraylik. Ularni tirikligida qadrlaylik.
Jahon matematika ilmining zabardast vakili, yuzlab minglab shogirdlarning mehribon ustozi, mohir pedagog, tom ma’nodagi ma’rifatparvar Azimboy Sa’dullayevning xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.