Yoshlar tayanch bo'lsa, el yuksaladi
2025-05-22 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun yurtimizdagi islohotlar markazida inson, yosh avlod taqdiri turibdi. Taʼlim-tarbiya tizimi davlat taraqqiyotining bosh mezoni, mamlakat kelajagi poydevori sifatida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda, har bir soha rahbari, har bir ustoz va taʼlim fidoyisi uchun yoshlarga munosib kelajak yaratish, bilim olishi, shaxs sifatida shakllanishi va vatanparvar boʻlib voyaga yetishi yoʻlida sidqidildan xizmat qilish nafaqat burch, balki masʼuliyatdir.
Joriy yil 15-may kuni maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirishga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼlimning mazmun-mohiyatini tubdan yangilash, oʻquvchi va oʻqituvchi manfaatlarini himoya qilish, eng muhimi, yosh avlod uchun munosib oʻqitish muhitini yaratishga qaratilgan qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari Termiz davlat pedagogika instituti misolida pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga koʻtarish haqida gapirar ekan, butun pedagogika oliygohlari uchun yangi strategik yoʻnalishni belgilab berdi. Bu jarayonda kuchli xorij oliy taʼlim muassasalari — Myunxen texnika universiteti va Kembrij universitetining eng yaxshi taʼlim dasturlari asos qilib olinadi.
Mazkur oliy taʼlim tashkilotlari taʼlim va ilmiy salohiyat boʻyicha katta muvaffaqiyatga erishgan. Jumladan, Myunxen texnika universiteti asosan texnika, muhandislik va tabiiy fanlar yoʻnalishida innovatsion yondashuv va amaliy taʼlim berishda katta tajribaga ega. Bu muassasada talabalar nazariya bilan birga sanoat va texnologiya talablariga mos bilim ham oladi.
Shuningdek, universitet sanoat korxonalari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatgan, yoshlarga oʻz sohasida amaliyot oʻtash va tajriba toʻplash imkoni mavjud. OTMdagi tadqiqot markazlari esa yangi gʻoya va innovatsiyalar yaratishda muhim oʻrin tutadi.
Bilim sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan bu saʼy-harakatlar orqali yoshlarga nafaqat nazariy bilim, balki amaliyotda qoʻllanadigan koʻnikma ham beriladi. Masalan, fanlar soni va yoʻnalishlarni kamaytirish, oʻquv yuklamasini qisqartirish, talaba uchun zarur va muhim yoʻnalishlarga eʼtiborni kuchaytirish lozim. Bu esa taʼlim sifati oshishi, talabalar bilimi va salohiyatining toʻliq ochilishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat pedagoglar malakasini oshirishdir. Xorijiy til sertifikatiga ega oʻqituvchilarni Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi ilgʻor davlatlarga yuborish, ularning xalqaro standartlarga mos taʼlim usullarini oʻrganishini taʼminlash bugun davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifaga aylandi. Shu tariqa mamlakat boʻyicha pedagoglar malakasi oshiriladi.
Bu islohotlar nafaqat taʼlim tizimini modernizatsiyalash, balki jamiyatda bilimga munosabatni oʻzgartirishga xizmat qiladi. Yoshlarga bugun faqat bilim berish kifoya qilmaydi. Ularni mustaqil fikrlash, masalaga ijodiy yondashish va yangi imkoniyatlardan foydalanishga oʻrgatish ham zarur. Buning uchun oʻquv jarayoniga zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt va innovatsiyalarni keng joriy etish kerak.
Har bir muallim nafaqat bilim beruvchi, balki yoshlarga rahbar, ustoz va hayotda yoʻl koʻrsatuvchi boʻlishi lozim. Zero, taʼlim faqat fanlar yigʻindisi emas, balki shaxs tarbiyachisi,maʼnaviy boylik yaratuvchisidir. Pedagoglar oʻz ishiga chuqur mehr va masʼuliyat bilan yondashsa, yoshlarda vatanparvarlik, insoniylik va ishonch ruhi mustahkamlanadi.
Nodavlat oliygohlar uchun keng sharoitlar yaratilishi yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Biroq qulayliklar bilan birga javobgarlik ham ortadi. Pedagogika yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalarning asosiy qismi maktabgacha va boshlangʻich taʼlimga hamda filologiyaga yoʻnaltirilgani, albatta, soha uchun muhim, ammo ilm-fan va texnologiyalar rivojlanayotgan davrda aniq va tabiiy fanlarga eʼtibor kuchaytirilishi shart.
Prezidentimiz taʼkidlashicha, xususiy oliygohlardagi pedagogika yoʻnalishlari davlat oliy taʼlim tashkilotlariniki bilan bir xil standartlarga ega boʻlishi zarur. Bu esa oʻqitish sifatining umumiy darajasini oshirish, yosh mutaxassislarning zamonaviy sohalarga tayyorlanishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, pedagog va talabalarning bilimi tashqi diagnostikadan oʻtkazilishi sifat nazoratining samarali vositasi boʻlib, taʼlim jarayonidagi kamchiliklarni tez aniqlash va bartaraf etishga imkon beradi.
Keng koʻlamli chora-tadbirlar tufayli mamlakatimiz taʼlim tizimining barcha boʻgʻinida sifatli, zamonaviy va milliy ehtiyojlarga mos kadrlar tayyorlash yoʻlida mustahkam poydevor qoʻyilmoqda. Bu kelajakda iqtisodiyot va jamiyat rivojiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Shunday ekan, har bir OTM va pedagog oʻz zimmasiga tushgan masʼuliyatni anglab, talabalarni yuqori malakali, innovatsion fikrlovchi, xalqaro darajada raqobatbardosh mutaxassislar qilib tarbiyalash uchun tinimsiz izlanishi, mehnat qilishi zarur.
Davlatimiz rahbarining “Aniq va tabiiy fanlar boʻyicha pedagoglarni koʻpaytirmasak, IT, “yashil” energetika, sunʼiy intellekt, yangi materiallar kabi dolzarb sohalarga minglab kadrlarni qayerdan yetkazamiz?” degan murojaati oddiy eʼtiroz emas, balki butun taʼlim tizimi kelajagini belgilovchi fundamental haqiqatdir. Chunki zamonaviy dunyoda har bir sohaning ildizi taʼlimga, negizi esa fan asoslarini puxta biladigan, yangilikka intiluvchan zamonaviy pedagoglarga borib taqaladi.
IT, “yashil” energetika, sunʼiy intellekt, yangi materiallar — bular XXI asrning eng dolzarb, eng istiqbolli yoʻnalishlari. Bu sohalarda yetakchi boʻlish uchun bizga kuchli, bilimli, zamonaviy texnologiyalarni chuqur tushunadigan mutaxassislar kerak. Ammo bu mutaxassislar bir kunda paydo boʻlmaydi. Ularni kim oʻqitadi? Albatta, maktabdagi fizika, kimyo, biologiya, matematika oʻqituvchilari.
Agar biz bugun shu fanlarga ixtisoslashgan pedagoglar tayyorlashni kuchaytirmasak, ertaga innovatsion iqtisodiyotimizda yetishmaydigan asosiy kuch aynan inson kapitali boʻlib qoladi. Shu bois, ham davlat va nodavlat oliygohlarda pedagogika yoʻnalishlari endi bir xil mezon — teng raqobat, yagona sifat talablari, eng muhimi, yosh avlod uchun barobar imkoniyatlar yaratish asosida yoʻlga qoʻyiladi. Biz porloq kelajakni oʻylasak, bugun aniq va tabiiy fanlar boʻyicha pedagoglarni koʻpaytirish eng muhim strategik vazifamiz boʻlishi shart.
Yigʻilishda Prezidentimiz yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etish va nazorat qilish boʻyicha yagona tizim boʻlishi kerak, deb alohida taʼkidladi. Bu soʻzlar nafaqat islohotlarga koʻrsatma, balki yuksak gʻamxoʻrlik, yurt kelajagi uchun chuqur masʼuliyat hissi bilan aytilgan murojaatdir. Zero, yoshlar taʼlim olsin, tarbiya topsin, bilim bilan qurollansin, boʻsh vaqtini foydali mashgʻulotlar bilan oʻtkazsin. Aynan shular orqali biz taraqqiyotga, xavfsizlikka va barqaror kelajakka erishamiz. Oʻz navbatida, ushbu vazifalarni amaliyotga tatbiq etish uchun barcha taʼlim tashkilotida xorijiy tillarni oʻqitish, sunʼiy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi zamonaviy yoʻnalishlarda toʻgaraklar tashkil etish, shuningdek, oʻquvchi va talabalar oʻrtasida ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan yangi tizim yaratish vazifasi ham qoʻyildi. Bu tashabbus yoshlarning bilim va koʻnikmalarini kengaytirish, dunyoqarashini boyitish, muhimi, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilishda katta ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbarining “Yozgi taʼtil vaqtida birorta taʼlim muassasasi yopilmaydi. Ulardagi sport inshootlari va maydonlari hamda oʻquv xonalarida sport va kasbiy toʻgaraklar ochiladi. Sanʼat koʻrgazmalari, sheʼriyat kechalari va intellektual oʻyinlar tashkil etish lozim”, degan gaplarini yoshlarga gʻamxoʻrlik va amaliy yechimni oʻz ichiga olgan mukammal yoʻl xaritasi sifatida qabul qilishimiz lozim. Bu yoshlarimizning ijodiy salohiyati yuzaga chiqishi, sogʻlom va faol hayot tarzini shakllantiradigan keng imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi jamoasi ushbu vazifalar ijrosini taʼminlashga toʻla masʼuliyat bilan yondashmoqda. OTMlar huzurida yozgi taʼtil davrida ham taʼlim-tarbiya jarayonlari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport va madaniyat toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilyapti.Bugunning talabiga mos ravishda oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya muhitini sogʻlom, ilgʻor va faol tashkil etish kelajak bunyodkorlarini voyaga yetkazishga qaratilgan uzviy jarayondir. Yoshlarimizni qanday muhitda tarbiyalasak, ertangi jamiyat ham shunday shakllanadi. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, talabalarning yozgi taʼtilini mazmunli tashkil etish boʻyicha aniq va amaliy choralar belgilandi. Hozir barcha OTMlarda yoz oylarida sport toʻgaraklari, zamonaviy kasbiy koʻnikmalarga oid mashgʻulotlar, chet tillar, dasturlash, grafik dizayn va animatsiya boʻyicha oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyilyapti. Talabalarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida adabiy kechalar, intellektual bellashuvlar, teatrlashtirilgan chiqishlar va sanʼat koʻrgazmalari tashkil etiladi. Shuningdek, yurtimizning tarixiy, madaniy va tabiiy goʻzal hududlariga sayohatga jalb etish orqali talabalar qalbida vatanparvarlik va faxr tuygʻusini mustahkamlash koʻzda tutilgan. Ichki turizmni rivojlantirish, madaniy va tarixiy obidalarga sayohat uyushtirish orqali talabalar oʻz vatani bilan yaqindan tanishadi, iftixor hissi, vatanparvarlik ruhi yanada mustahkamlanadi. “Vatan boʻylab sayohat qil!” shiori ostida oʻtkaziladigan tashriflar yuz minglab yoshni qamrab oladi.
Bundan tashqari, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashga qaratilgan turli toʻgaraklar — robototexnika, dasturlash, sunʼiy intellekt, 3D modellashtirish, grafik dizayn, video-montaj, startap loyihalar bilan ishlash kabi yoʻnalishlarda faoliyat yoʻlga qoʻyiladi. Bu imkoniyatlar yuz minglab yoshlar uchun oʻz qobiliyatini namoyon qilish, yangi salohiyat eshiklarini ochishga zamin yaratadi.
Yoz fasli ilhom mavsumi hamdir. Sheʼriyat kechalari, sanʼat koʻrgazmalari, intellektual oʻyinlar, ijodiy tanlovlar, ijtimoiy tarmoqlar uchun foydali kontent yaratish loyihalari talabalarni ruhan boyitadi. Bunda ular nafaqat tomoshabin, balki ijodkor sifatida ishtirok etadi. Yoshlarning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi uchun “Karyera kunlari” tashkil etiladi. Mazkur tadbirlar orqali bitiruvchilar oʻz sohasi boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri ish beruvchilar bilan muloqot qiladi va boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot oladi. Bu esa ularning kelajagini aniq belgilashiga zamin yaratadi. Davlatimiz rahbarining har bir farmoni va qarori zamirida inson taqdiri, baxti va kelajagi turibdi. Bu siyosat markazida esa yoshlar bor. Yoshlar tayanch boʻlsa, el yuksaladi, yoshlar ilmli boʻlsa, millat taraqqiy etadi. Yangi Oʻzbekistonda yoshlar uchun imkoniyatlar zamoni boshlangan. Endigi asosiy vazifa bu imkoniyatlarni toʻliq roʻyobga chiqarish, uning samarasini jamiyat taraqqiyotida, har bir oila baxt-saodatida namoyon etishdir.
Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun imkoniyatlar zamoni boshlangan. Endi esa asosiy vazifa – bu imkoniyatlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish, uning samarasini jamiyat taraqqiyotida, har bir oila baxt-saodatida namoyon etishdir.
Shohrux Daliyev,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar
vaziri birinchi o‘rinbosari