Munosabat: Yoshlar kelajagi uchun: ta’limda islohotlar va ustuvor vazifalar
2025-05-22 10:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar markazida inson, ayniqsa, yosh avlod taqdiri turibdi. Ta’lim va tarbiya tizimi — davlat taraqqiyotining bosh mezoni, mamlakat kelajagining poydevori sifatida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, har bir soha rahbari, har bir ustoz va ta’lim fidoyisi uchun yoshlarga munosib kelajak yaratish, ularning bilim olishi, shaxs sifatida shakllanishi va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida sidqidildan xizmat qilish nafaqat burch, balki muqaddas mas’uliyatdir.
Joriy yilning 15-may kuni mamlakatimiz ta’lim hayotida muhim voqea ro‘y berdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’limning mazmun-mohiyatini tubdan yangilash, o‘quvchi va o‘qituvchi manfaatlarini himoya qilish, eng muhimi — yosh avlod uchun munosib ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
O‘zbekistonimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, ya’ni zamonaviy va samarali ta’lim muhitini yaratish bugungi kundagi eng katta vazifalardan biridir. Bu jarayonda har birimiz — pedagoglar, ilmiy xodimlar, murabbiylar, yoshlar, ota-onalar — bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Faqat birdamlik va sadoqat bilan biz mamlakatimizning ravnaqiga katta hissa qo‘sha olamiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Termiz davlat pedagogika instituti misolida pedagog kadrlar tayyorlasht tizimining yangi bosqichga o‘tishi haqida gapirar ekanlar, butun pedagogika oliygohlari uchun yangi strategik yo‘nalishni belgilab berdilar. Bunda eng kuchli xorijiy universitetlar – Myunxen texnika universiteti va Kembrij universitetining eng yaxshi ta’lim dasturlari asos qilinadi.
Darhaqiqat, mazkur oliy ta’lim tashkilotlari dunyoda ta’lim va ilmiy salohiyat bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Myunxen texnika universiteti asosan texnika, muhandislik va tabiiy fanlar yo‘nalishida innovatsion yondashuv va amaliy ta’lim berishda katta yutuqlarga ega. Bu yerda talabalar nazariya bilan birga sanoat va texnologiya talablariga mos keladigan bilimlar oladi. Shuningdek, universitet sanoat korxonalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan bo‘lib, yoshlarga o‘z sohasida amaliyot o‘tash va ish tajribasi to‘plash imkonini beradi. U yerdagi tadqiqot markazlari esa yangi g‘oyalar va innovatsiyalarni yaratishda muhim o‘rin tutadi
Bilimning sifati oshishiga yo‘naltirilgan bu qadamlar orqali yoshlarimizga nafaqat nazariy bilim, balki amaliyotda qo‘llaniladigan ko‘nikmalar ham beriladi. Masalan, fanlar soni va yo‘nalishlarni kamaytirish, o‘quv yuklamasini qisqartirish, aslida, talaba uchun zarur va muhim yo‘nalishlarga e’tiborni kuchaytirish demakdir. Bu esa ta’lim sifatining oshishiga, talabalarning bilim va salohiyatining to‘liq ochilishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat – pedagoglarning malakasini oshirish. Xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni Britaniya, Germaniya va Singapur kabi ilg‘or davlatlarga yuborish, ularning xalqaro standartlarga mos ta’lim usullarini o‘rganishini ta’minlash davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifadir. Shu tariqa, butun mamlakat bo‘yicha pedagoglarning malakasi oshiriladi.
Fikrimizcha, bu islohotlar nafaqat ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, balki butun jamiyatda bilimga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishga xizmat qiladi. Yoshlarni faqat bilim bilan ta’minlash kifoya emas, ularga mustaqil fikrlash, ijodiy yondashish va yangi imkoniyatlardan foydalanishni o‘rgatish ham zarur. Shuning uchun ta’lim jarayonida zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsiyalarni keng joriy etish kerak.
Har bir muallim nafaqat bilim beruvchi, balki yoshlarga rahbar, ustoz va hayotda yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lishi kerak. Chunki ta’lim — bu faqat fanlar yig‘indisi emas, balki shaxs tarbiyasi, ma’naviy boylikni yaratishdir. Pedagoglar o‘z ishlariga chuqur mehr va mas’uliyat bilan yondashsa, yoshlarimizda ham vatanparvarlik, insoniylik va ishonch ruhi mustahkamlanadi.
Nodavlat oliygohlarga keng imkoniyatlar berilishi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda, biroq bu imkoniyatlar bilan birga javobgarlik ham ortadi. Pedagogika yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalarning asosiy qismi maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va filologiyaga yo‘naltirilgani, albatta, soha uchun muhim, ammo ilm-fan va texnologiyalar rivojlanayotgan davrda aniq va tabiiy fanlarga e’tibor kuchaytirilishi lozim.
Prezidentimizning ta’kidlashicha, xususiy oliygohlardagi pedagogika yo‘nalishlari davlat oliy ta’lim tashkilotlari bilan bir xil standartlarga ega bo‘lishi zarur. Bu esa ta’lim sifatining umumiy darajasini oshirishga, yosh mutaxassislarning zamonaviy sohalarga tayyorlanishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, pedagoglar va talabalarning bilimlari tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi — sifat nazoratining samarali vositasi bo‘lib, ta’lim jarayonidagi kamchiliklarni tez aniqlash va bartaraf etishga imkon yaratadi.
Ushbu chora-tadbirlar orqali ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida sifatli, zamonaviy va milliy ehtiyojlarga mos kadrlar tayyorlash yo‘lida mustahkam poydevor qo‘yilmoqda. Bu esa kelajakda iqtisodiyot va jamiyat rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, har bir oliygoh va pedagog o‘z zimmasiga tushgan mas’uliyatni anglab, talabalarni yuqori malakali, innovatsion fikrlovchi, xalqaro darajada raqobatbardosh mutaxassislar qilib tarbiyalash uchun tinimsiz mehnat qilishi zarur.
Prezidentimizning “Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglarni ko‘paytirmasak, IT, “yashil” energetika, sun’iy intellekt, yangi materiallar kabi dolzarb sohalarga minglab kadrlarni qayerdan yetkazamiz?” deb murojaat qilar ekanlar, bu savol — oddiygina bir e’tiroz emas, balki butun ta’lim tizimimiz kelajagini belgilovchi fundamental haqiqat ekanini anglashimiz kerak. Chunki zamonaviy dunyoda har bir sohaning ildizi ta’limga, uning negizi esa fan asoslarini puxta biladigan, yangilikka ochiq, zamonaviy pedagoglarga borib taqaladi.
IT, “yashil” energetika, sun’iy intellekt, yangi materiallar — bular XXI asrning eng dolzarb, eng istiqbolli yo‘nalishlari. Bu sohalarda yetakchi bo‘lish uchun bizga kuchli, bilimli, zamonaviy texnologiyalarni chuqur tushunadigan mutaxassislar kerak. Ammo bu mutaxassislar bir kunda paydo bo‘lmaydi. Ularni kim o‘qitadi? Albatta, maktabdagi fizika, kimyo, biologiya, matematika o‘qituvchilari — ya’ni aniq va tabiiy fanlar pedagoglari.
Agar biz bugun shu fanlarga ixtisoslashgan pedagoglar tayyorlashni kuchaytirmasak, ertaga innovatsion iqtisodiyotimizda yetishmaydigan asosiy kuch aynan — inson kapitali bo‘ladi. Shu bois ham davlat va nodavlat oliygohlarda pedagogik yo‘nalishlar endi bir xil mezon asosida olib borilishi bo‘yicha qo‘yilgan talab teng raqobat, yagona sifat talablari, va eng muhimi — yosh avlod uchun barobar imkoniyatlar demakdir. Agar biz kelajakka kuchli qadam qo‘ymoqchi bo‘lsak, bugun aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglarni ko‘paytirish — eng muhim strategik vazifamizdir.
Yig‘ilishda Prezidentimiz: “Yoshlarimizning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish va nazorat qilish bo‘yicha yagona tizim bo‘lishi kerak”, — deb alohida ta’kidlab o‘tdilar. Bu so‘zlar nafaqat islohotlarga ko‘rsatma, balki yuksak g‘amxo‘rlik, yurt kelajagi uchun chuqur mas’uliyat hissi bilan aytilgan murojaat sifatida ham qabul qilinmoqda. Zero, yoshlar ta’lim olsin, tarbiya topsin, bilim bilan qurollansin, bo‘sh vaqtini ezgu mashg‘ulotlar bilan to‘ldirsin — aynan shu orqali biz taraqqiyotga, xavfsizlikka va barqaror kelajakka erishamiz.
O‘z navbatida, ushbu vazifalarni amaliyotga tatbiq etish uchun barcha ta’lim tashkilotlarida xorijiy tillarni o‘qitish, sun’iy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi zamonaviy yo‘nalishlarda to‘garaklar tashkil etish, shuningdek, o‘quvchi va talabalar o‘rtasida ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan yangi tizim yaratish vazifasi ham qo‘yildi. Bu tashabbus yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish, ularning dunyoqarashini boyitish, eng muhimi — bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda katta ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning “Yozgi ta’til vaqtida birorta ta’lim muassasasi yopilmaydi. Ulardagi sport inshootlari va maydonlari hamda o‘quv xonalarida sport va kasbiy to‘garaklar ochiladi. San’at ko‘rgazmalari, she’riyat kechalari va intellektual o‘yinlar tashkil etish lozim”, — degan gaplarini yoshlarga g‘amxo‘rlik va amaliy yechimni o‘z ichiga olgan mukammal yo‘l xarita sifatida qabul qilishimiz lozim. Bu — yoshlarimizning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqishiga, sog‘lom va faol hayot tarzini shakllantiradigan keng imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi jamoasi sifatida biz ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashga to‘la mas’ullik bilan yondashamiz. Oliy ta’lim tashkilotlari qoshida yozgi ta’til davrida ham ta’lim-tarbiya jarayonlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport va madaniyat to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratamiz.
Bizning maqsadimiz — har bir yosh yurt farzandi iqtidorining namoyon bo‘lishi, bilim va salohiyati rivojlanishi, va eng muhimi, Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida voyaga yetishi uchun zarur zamin yaratishdir. Davlatimiz rahbarining ta’lim sohasiga qaratgan yuksak e’tibori, chuqur ishonchi va aniq belgilab berilgan vazifalar fidokorona mehnatga da’vatdir.
Bugungi kun talabiga mos ravishda, oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya muhitini sog‘lom, ilg‘or va faol tashkil etish — bu kelajak bunyodkorlarini voyaga yetkazishga qaratilgan uzviy jarayondir. Yoshlarimizni qanday muhitda tarbiyalasak, ertangi jamiyat ham shunday shakllanadi.
Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, talabalarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish bo‘yicha aniq va amaliy choralar belgilandi. Hozirda barcha oliy ta’lim tashkilotlarida yoz oylarida sport to‘garaklari, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga oid mashg‘ulotlar, chet tillari, dasturlash, grafik dizayn va animatsiya bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilyapti. Talabalarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida adabiy kechalar, intellektual bellashuvlar, teatrlashtirilgan chiqishlar va san’at ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Shu bilan birga, talabalarni yurtimizning tarixiy, madaniy va tabiiy go‘zal hududlariga sayohatlarga jalb etish orqali vatanparvarlik va faxr tuyg‘usini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Ichki turizmni rivojlantirish, madaniy va tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtirish orqali talabalar o‘z vatani bilan yaqindan tanishadi, iftixor hissi, vatanparvarlik ruhi yanada mustahkamlanadi. “Vatan bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida o‘tkaziladigan tashriflar yuz minglab yoshlarni qamrab oladi.
Shuningdek, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan turli to‘garaklar — robototexnika, dasturlash, sun’iy intellekt, 3D modellashtirish, grafik dizayn, video-montaj, start-up loyihalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarda faoliyat yo‘lga qo‘yiladi. Bu imkoniyatlar yuz minglab yoshlar uchun o‘z qobiliyatini namoyon qilish, yangi salohiyat eshiklarini ochishga zamin yaratadi.
Yoz fasli — ilhom mavsumi hamdir. She’riyat kechalari, san’at ko‘rgazmalari, intellektual o‘yinlar, ijodiy tanlovlar, ijtimoiy tarmoqlar uchun foydali kontent yaratish loyihalari talabalarni ruhiy jihatdan boyitadi. Bunda ular nafaqat tomoshabin, balki bevosita ijodkor sifatida ishtirok etadilar.
Yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi uchun ham “Karera kunlari” tashkil etiladi. Bu tadbirlar orqali bitiruvchilar o‘z sohalari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri ish beruvchilar bilan muloqot qiladi va bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot oladi. Bu esa ularga o‘z kelajagini aniq belgilashiga zamin yaratadi. Muvaffaqiyat qozongan tadbirkorlar, olimlar, san’atkorlar va boshqa soha mutaxassislari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlar esa yoshlarga kelajaklarini qurishda aniq yo‘nalish beradi.
Har bir Farmon va qaror zamirida inson taqdiri, uning baxti va kelajagi turibdi. Bu siyosatning markazida esa – yoshlar bor. Zero, yoshlar tayanch bo‘lsa, el yuksaladi. Yoshlar ilmli bo‘lsa, millat taraqqiy etadi.
Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun imkoniyatlar zamoni boshlangan. Endi esa asosiy vazifa – bu imkoniyatlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish, uning samarasini jamiyat taraqqiyotida, har bir oila baxt-saodatida namoyon etishdir.
Shohrux Daliyev,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar
vaziri birinchi o‘rinbosari