YANGI UMID VA IMKONLAR SARI DADIL QADAM
2025-04-05 12:10:00 / Vazirlik yangiliklari

“Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida davlatimiz rahbari inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar ikki mintaqa hamkorligini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishiga alohida urg‘u berdi. Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha “Erasmus+” dasturi doirasida mintaqa mamlakatlari uchun maxsus kvotalar joriy etilishi ushbu maqsadga erishishga xizmat qiladi
Yurtimizning ko‘hna va hamisha navqiron shahri – Samarqand yana bir tarixiy anjumanga mezbonlik qildi. Ming yillar davomida ilm-fan, san’at, falsafa va savdo markazi bo‘lib kelgan mazkur shaharda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti chinakam tarixiy ahamiyatga ega.
Ilk bor Markaziy Osiyoning besh davlati va Yevropa Ittifoqi rahbarlari bir joyda yig‘ilib, ikki mintaqa davlatlari strategik sheriklik munosabatlarining yangi yo‘nalishlarini belgilash yo‘lidagi azm-u qaror hozirgi global geosiyosiy beqarorlik, iqtisodiy xavf-xatarlar va ekologik muammolar hukm surayotgan davrimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbarining mazkur sammit doirasida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy, madaniy va ijtimoiy sohalarda ham yangi davr boshlanayotganini ko‘rsatadi. Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, “yashil” energetika, innovatsiyalar va raqamlashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish O‘zbekistonning global iqtisodiy raqobatga kirishishi yo‘lidagi muhim qadamdir. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarini qo‘llab-quvvatlashi va Markaziy Osiyoda qo‘shnichilikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatini yuksak baholashi O‘zbekistonning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini yanada rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Davlatimizning iqtisodiy rivojlanishi va kelajagi uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri — kadrlar tayyorlash va kasbiy ta’lim sohasidagi islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritarkanmiz, Yevropa Ittifoqi bilan bu borada katta ahamiyatga ega dasturlar va loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etish lozim.
Zero, aynan shu hamkorlik mamlakatimiz kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda juda muhim. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va YUNESKO tomonidan amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarda yoshlarning ishga joylashish qobiliyatlarini rivojlantirish” loyihasi O‘zbekistonning qishloq hududlaridagi yoshlarning mehnat bozoridagi imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan. Bu loyiha, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida ish o‘rinlari ochish va kasbiy ko‘nikmalarni oshirishga ko‘maklashadi. Sifatli kadrlar tayyorlash, agrar sohadagi ish o‘rinlarini kengaytirish, shuningdek, qishloq joylardagi aholi uchun yangi ish imkoniyatlari yaratish loyihaning asosiy maqsadlaridir. Loyiha doirasida yoshlarga agrar sohadagi zamonaviy texnologiyalar va ta’lim dasturlarini o‘rgatish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘plab dasturlar ishlab chiqilgan. Bu dasturlar, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi, agrar korxonalar va iqtisodiy rivojlanish sohalarida yangi imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, yoshlar uchun mehnat bozorida yangi yo‘nalishlarni ochib beradi. Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlovi bilan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondagi yorqin loyihalardan yana biri — “DARYA” (“Markaziy Osiyo yoshlari uchun muloqot va amaliy qadamlar”). U Yevropaning Markaziy Osiyo tarixidagi birinchi mintaqaviy dasturi bo‘lib, yoshlarning mehnat bozoriga kirishi, malaka oshirishi va ijtimoiy jamiyatga integratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Loyiha 2022-2027 yillarga mo‘ljallangan, Yevropaning ta’lim jamg‘armalari tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu loyiha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda ta’lim va ishga joylashish tizimini sifat jihatidan takomillashtirishga yordam beradi. Shuningdek, har bir mamlakatda hamda mintaqaviy darajada inklyuziv muloqot va hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan. Bu yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratish va mehnat bozoriga integratsiyalashishni osonlashtiradi. Byudjeti 10 million yevro bo‘lgan mazkur loyiha COVID-19 pandemiyasi davridan keyin Markaziy Osiyoning tiklanishiga yordam berish, kasbiy ta’lim va ishga joylashishni rivojlantirish orqali mintaqadagi iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Prezidentimiz Samarqanddagi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oldidan “Euronews” telekanaliga bergan eksklyuziv intervyusida Afg‘onistonga ta’lim sohasida yordam berishni davom ettirishni mamlakatimiz uchun birinchi galdagi vazifa deb ta’kidladi. Darhaqiqat, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan ta’lim sohasidagi hamkorligi hamisha strategik ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan loyihalar, ayniqsa, afg‘on ayollarini o‘qitish orqali ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish g‘oyat muhim. BMTning Rivojlanish dasturi (PROON) tomonidan 2020 yildan boshlab amalga oshirilayotgan “Afg‘on ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali ta’lim olish” loyihasi aynan shu maqsadni ko‘zda tutgan edi. Loyiha Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda amalga oshirilib, afg‘on ayollariga zamonaviy ta’lim berish orqali ularning mehnat bozoriga kirishi va kasbiy malaka oshirishini ta’minlamoqda. Loyiha doirasida 10 afg‘on ayoli agronomiya yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent davlat agrar universitetida o‘qib, diplom oldi. Ushbu loyiha Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham amalga oshirilib, umumiy hisobda 50 ayol oliy ma’lumotli bo‘ldi. Loyihaning ikkinchi bosqichi 2022 yilda boshlandi. Bu bosqichda 30 afg‘on ayol-qiz uchun to‘liq stipendiya ajratilganiga qaramay,
Afg‘onistondagi keskin vaziyat tufayli atigi 19 afg‘on ayoli Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida agrobiznes yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida universitetlararo aloqalarni rivojlantirishda "Erasmus" Yevropa ta’lim dasturining qo‘shma loyihalarida ishtirok etish alohida o‘rin tutadi. Ko‘p yillar davomida Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston universitetlari Yevropa Ittifoqining ko‘plab ta’lim loyihalarida qatnashib, oliy ta’limning turli yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikning ijobiy tajribasini jamlagan. O‘tgan yillarda yurtimizdagi 55 ta oliy ta’lim muassasasi va 34 ta akademik bo‘lmagan tuzilmalar, jumladan, vazirliklar, muassasalar va ishlab chiqarish birlashmalari ishtirokida umumiy qiymati 34 million yevrodan ortiq bo‘lgan 87 ta TEMPUS loyihasi amalga oshirildi. Umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta’lim bo‘yicha almashuvlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarimizni alohida ta’kidlamoqchiman. Biz mamlakatlarimizda yetakchi milliy o‘quv muassasalarining filiallarini ochyapmiz. "Erasmus+" dasturi oliy ta’lim muassasalari talabalari, doktorantlari, o‘qituvchilari va xodimlari uchun ikki tomonlama akademik almashinuv dasturlari, kunduzgi magistratura va doktorantura yo‘nalishi bo‘yicha Yevropa universitetlarida qisqa muddatli o‘qish yoki qo‘shimcha malaka oshirish kurslarini o‘tash uchun qator imkoniyatlarni taqdim etib kelmoqda. Yevropa universitetlari bilan hamkorlikda mamlakat OTMlari jamoalari salohiyatni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etishi mumkin. "Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitida davlatimiz rahbari inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar ikki mintaqa hamkorligini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishiga alohida urg‘u berdi. Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha "Erasmus+" dasturi doirasida mintaqa mamlakatlari uchun maxsus kvotalar joriy etilishi ushbu maqsadga erishishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, Prezidentimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ilmiy-ta’limiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda "Ufq — Yevropa" dasturi ofisini ochishga tayyor ekanini bildirdi. Sun’iy intellekt, "katta ma’lumotlar", raqamlashtirish va kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy-texnologik almashinuv bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bundan tashqari, davlati miz rahbari mintaqa mamlakatlarini Yevropaning raqamli ta’lim sohasidagi Harakatlar dasturiga kiritish, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sheriklikning "yo‘l xaritasi"ni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirdi. “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu sammitda muhokama etilgan yangi loyihalar ishtirokchi davlatlar uchun nafaqat ishonchli, balki o‘zaro manfaatli hamkorlik asosini mustahkamlaydi. Sammitda ko‘rib chiqilayotgan loyihalar, aniq maqsadlarga erishish va istiqboldagi taraqqiyotni ta’minlash uchun yangi umidlar uyg‘otadi. Shu orqali Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror hamkorlik, umumiy manfaatlar va ishonchga asoslangan to‘g‘ri yo‘lni tanlashga intilish hissi yanada mustahkamlanadi.