Sidneydagi ekspo-ko‘rgazmada “O‘zbekkosmos” pavilioni taqdim etildi
2025-09-29 18:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Xalqaro astronavtika kongressi doirasida 800 dan ortiq pavilon va stendlarni o‘z ichiga olgan yirik ekspo-ko‘rgazma tashkil etildi. Unda dunyo mamlakatlari o‘z ilmiy-tadqiqot yutuqlari, innovatsion g‘oyalari va kelgusi dasturlarini namoyish etdilar.
O‘zbekiston nomidan “O‘zbekkosmos” agentligi ham o‘z pavilioni bilan ishtirok etdi. Pavilionda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kosmik dasturlar, masofadan zondlash texnologiyalari, sun’iy yo‘ldoshlar orqali olinayotgan amaliy ma’lumotlar hamda milliy innovatsion yechimlar taqdim etildi.
O‘zbek pavilioni xalqaro ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning bu sohadagi imkoniyatlari, yosh olimlar va muhandislar uchun yaratilgan sharoitlar hamda global hamkorlik istiqbollari bilan tanishdilar.
“O‘zbekkosmos”ning mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki nafaqat milliy yutuqlarni jahon hamjamiyatiga namoyish etish, balki ilmiy va texnologiyaviy sohada xalqaro sheriklar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish imkoniyatini yaratdi.