Sidneydagi Xalqaro astronavtika kongressining ochilish marosimida vazirlik delegatsiyasi ishtirok etdi
2025-09-29 16:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Avstraliyaning Sidney shahrida Xalqaro astronavtika kongressining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yirik xalqaro tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Kongress doirasida jahon miqyosidagi kosmonavtika va astronavtika sohasidagi so‘nggi yutuqlar, innovatsion yechimlar va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etildi. Unda 7 mingdan ortiq mutaxassis, shuningdek, 80 dan ziyod davlatdan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirlari boshchiligidagi delegatsiyalar va Xalqaro astronavtika federatsiyasiga a’zo 563 ta agentlik hamda tashkilot vakillari qatnashdi.
Bu yilgi kongressda kosmik texnologiyalardan tinchlik maqsadlarida foydalanish, sohada innovatsion yechimlarni joriy qilish va masofadan zondlash jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini integratsiya etish kabi mavzular ko‘rib chiqildi.
Marosim doirasida turli mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, kosmik texnologiyalarning zamonaviy qo‘llanmalari hamda global hamjihatlikdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishtirokchilar dunyo miqyosida kosmonavtika sohasida ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va yangi ilmiy hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish yuzasidan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.