Vazirlik delegatsiyasi Xalqaro astronavtika federatsiyasining Vazirlar va Parlament a’zolarining 15-yig‘ilishida ishtirok etdi
2025-09-28 15:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Avstraliyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika federatsiyasining Vazirlar va Parlament A’zolarining 15-yig‘ilishida 60 dan ortiq davlatlardan vazir va parlament a’zolari darajasidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda kosmik texnologiyalarni qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tabiiy ofatlarni oldini olish va suv resurslarini samarali boshqarishda qo‘llash, shuningdek, sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ushbu uchrashuvda ishtirok etib, “O‘zbekistonda favquloddagi vaziyatlarni boshqarishda kosmosning o‘rni” mavzusida ma’ruza bilan chiqish qildi.
Ma’ruzada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Yig‘ilish ishtirokchilari mazkur tashabbuslarni yuqori baholadi.
Shuningdek, delegatsiya tomonidan 2028 yilgi Xalqaro astronavtika kongressini Samarqand shahrida o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Yig‘ilish doirasida AQSH, Avstraliya, Azarbayjon, BAA, Belgiya, Braziliya, Daniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Italiya, Norvegiya, Turkiya, Yaponiya va Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiya rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlashlari bildirildi.