Sidneyda o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-09-28 09:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Avstraliyaga amaliy tashrifi doirasida Sidney shahrida o‘zbekistonlik vatandoshlar hamjamiyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar, IT sohasining hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek, IT Park orqali yaratilayotgan imkoniyatlar keng yoritildi.
Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan’ning 2025–2030-yillar uchun ishlab chiqilgan strategiyasi taqdim etildi. Unda innovatsion ekotizimni yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xorijda istiqomat qilayotgan vatandosh mutaxassislarni mamlakatning AT sohasiga jalb qilish hamda ularning ilmiy va amaliy tajribalaridan samarali foydalanish yo‘llari muhokama qilindi.
Uchrashuvda o‘ttizdan ortiq vatandosh ishtirok etdi. Ular orasida turli sohalarda katta tajribaga ega bo‘lgan AT mutaxassislari, startapchilar va tadbirkorlar ham bor edi. Qator ishtirokchilar IT Park bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi, o‘zlarining xorijiy tajribasini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamli loyihalarga tatbiq etishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir jarayonida vatandoshlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, ularning bilim va tajribalarini mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Shu bilan birga, bu kabi uchrashuvlarni tizimli ravishda tashkil etish, xorijdagi hamyurtlar bilan doimiy muloqot platformalarini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.