ZTE AKT haftaligi doirasida “ZTE Nebula AI: ZTE Nebula AI: AI technologies Shaping Central Asia's digital future” forumini o‘tkazdi
2025-09-25 18:20:00 / Vazirlik yangiliklari

“ICTWeek Uzbekistan – 2025” doirasida ZTE kompaniyasi “ZTE Nebula AI: ZTE Nebula AI: AI technologies Shaping Central Asia's digital future” forumini o‘tkazdi. Tadbir davlat idoralari, soha mutaxassislari va ilmiy doiralar vakillarini Markaziy Osiyoda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda sun’iy intellektning transformatsion rolini muhokama qilish uchun birlashtirdi.
Forumda “ZTE Nebula AI” ekotizimi taqdim etildi. U turli sohalarda intellektual transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan kompleks yechimlardan iborat. Asosiy komponentlar qatoriga telekommunikatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlari uchun Nebula yirik model platformasi, uy interneti sifatini oshirish uchun sun’iy intellekt asosida ishlaydigan Fixed Wireless Access (FWA) yechimi, shuningdek, yangi avlod qurilmalari uchun NebulaAI operatsion tizimi kiradi. Ushbu yechimlar ilg‘or til modellariga va AI-agentlarga asoslangan bo‘lib, operatsion samaradorlikni oshirish, qaror qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash va foydalanuvchi tajribasini yaxshilashga xizmat qiladi. Bugungi kunda ZTE yechimlari 18 dan ortiq tarmoqqa joriy etilgan bo‘lib, 100 dan ziyod loyiha soha bo‘yicha etalon sifatida e’tirof etilgan.
Forum ochilishida Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos raqamli transformatsiya sohasidagi milliy ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr bildirdi. ZTE Corporation vitse-prezidenti va MDH mamlakatlari bo‘yicha prezidenti Syue Bin kompaniyaning sun’iy intellektni rivojlantirish va Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlashda davom etishini bildirdi.
Forum dasturining markaziy qismi “Markaziy Osiyoning raqamli kelajagini shakllantirayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari” mavzusidagi panel muhokamasi bo‘ldi. Muhokamalarda Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Baxtiyor Maxkamov va ZTE Uzbekistan bosh direktori Van Guandun ishtirok etishdi. Ular milliy sun’iy intellekt strategiyasi, mintaqalararo hamkorlik va rivojlanayotgan bozorlarda AI-yechimlarni joriy etish istiqbollarini muhokama qildilar.
Alohida e’tibor kadrlar salohiyatini rivojlantirishga qaratildi. “Yangi avlod kuchi” dasturi finalistlarini taqdirlash marosimida Baxtiyor Maxkamov va Van Guandun ishtirok etib, TATU talabalarining elektronika, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari kabi raqamli iqtisodiyot uchun muhim yo‘nalishlardagi yutuqlarini ta’kidladilar.
Forum yakunida ZTE bilan Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi hamda ZTE bilan “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.