TATU 70 yilligini nishonlamoqda
2025-09-24 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) o‘zining 70 yilligini nishonlamoqda. Yubiley munosabati bilan poytaxtimizda bayram tadbirlari hamda “Raqamli transformatsiya jarayonida muhandislik sohalari va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida “Do‘stlik bog‘i”ning ochilishi va ko‘chat ekish marosimi, “Living Lab” va “Fablab” hududlarini ishga tushirish tantanasi, universitetning tarixiy yo‘li va so‘nggi yillardagi yutuqlarini namoyon etuvchi videorolik namoyishi, nufuzli xalqaro tashkilot vakillari hamda xorijiy mehmonlarning tabrik nutqlari bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “QS”, “Times Higher Education” reyting agentliklari va xalqaro tashkilotlari rahbarlari o‘z nutqlari bilan ishtirok etdilar.
Anjumanda turli davlatlardan tashrif buyurgan elchilar, yetakchi universitetlar rektorlari va ilmiy muassasalar rahbarlari ham ishtirok etib, samimiy tabriklar yo‘lladilar.
Tadbirlarda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ham ishtirok etdi.
Mazkur yubiley tadbirlari nafaqat universitet, balki mamlakatimiz ilmiy-ta’lim sohasi, iqtisodiyot va raqamli taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir doirasida muhokama etilgan masalalar va bildirilgan takliflar O‘zbekistonning raqamli transformatsiya strategiyasi hamda global hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.