Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi bilan IT sohasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi
2025-08-13 20:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab delegatsiyaga Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan’da amalga oshirilayotgan islohotlar, asosiy yo‘nalishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qilindi. Shu bilan birga, IT mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan Ustudy IT akademiyasi faoliyati, muhim infratuzilmalarning kiberxavfsizligini ta’minlashga qaratilgan innovatsion loyihalar markazi – UZSOC hamda Yagona integrator UZINFOCOMda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasida raqamli texnologiyalar, IT ta’lim va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlik, tajriba almashish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Xitoy kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, ularni IT Park rezidentiga aylantirish, rezidentlar uchun yaratilgan sharoitlar va soliq imtiyozlari haqida gaplashildi.
Shuningdek, IT sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, IT ta’lim yo‘nalishidagi o‘quv dasturlari va sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar uchun yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdilar.