Sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumning ikkinchi kuni davom etmoqda
2025-08-08 14:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Samarqand shahrida o‘tayotgan “MDH mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forumning ikkinchi kuni ham qizg‘in muhokamalar va ilmiy-amaliy sessiyalar bilan davom etmoqda.
Bugungi kun dasturi asosan kelajak istiqbollari va strategik yondashuvlarga bag‘ishlandi. Yetakchi mutaxassislar, amaliyotchi ekspertlar, davlat va biznes vakillari sun’iy intellekt sohasidagi global tendensiyalar, yangi texnologiyalar va ularning yaqin 5–10 yillik rivojlanish yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
“AI Horizons” nomli ilmiy-tadqiqot formatidagi forsayt-sessiyada an’anaviy ma’ruza o‘rniga interaktiv guruh ishlari o‘tkazildi. Unda katta til modellari, generativ AI kabi bugungi yutuqlar bilan bir qatorda, kelajakda ustuvor bo‘lishi mumkin bo‘lgan innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha strategik g‘oyalar muhokama qilindi.
Sessiya yakunida ishtirokchilar sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdi.
Mazkur Forum Artificial Intelligence Journey (AIJ), IT Park, Huawei, Yandex, DataVolt kompaniyalari hamkorligida tashkil etildi.