Samarqanddagi sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumda muhim sessiyalar bo‘lib o‘tmoqda
2025-08-07 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Samarqand shahrida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum davom etmoqda. Mazkur nufuzli tadbir sun’iy intellekt sohasida davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yechimlar almashinuvi va barqaror raqamli ekotizimlarni shakllantirishni maqsad qilgan.
Forum doirasidagi birinchi sessiya Sun'iy intellekt sohasidagi milliy strategiyalar va tashabbuslar: MDH davlatlari tajribasi va kelajak ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida o‘tkazildi. Sessiyada sun’iy intellekt sohasida milliy strategiyalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishda davlat, fan va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etildi.
Mazkur sessiyada Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, sun’iy intellekt sohasidagi milliy strategiya hamda hududiy hamkorlik istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Borisenko Rossiyada sun’iy intellekt sohasidagi normativ-huquqiy baza, davlat dasturlari va ilg‘or amaliyotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, “Yandeks” kompaniyasining sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish direktori Aleksandr Kraynov sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishda xususiy sektorning o‘rni va mas’uliyati haqida fikr bildirdi.
Bundan tashqari, Ozarbayjon Respublikasi Ilm-fan va ta’lim vazirligi huzuridagi Boshqaruv tizimlari instituti bosh direktori Ali Abbasov sun’iy intellektni rivojlantirishda ilm-fanning qiluvchi ahamiyati, milliy kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Sessiya davomida milliy sun’iy intellekt ekotizimlarini yaratishda davlat hokimiyati organlari, biznes va ilmiy muassasalarning uzviy hamkorligi, axborot xavfsizligi, ma’lumotlarning ochiqligi va adolatli algoritmlarni yaratish kabi murakkab, ammo dolzarb masalalar atroflicha muhokama etildi.
Forumning ikkinchi sessiyasi “Moliyaviy sektorda sun’iy intellektning qo‘llanilishi: bank xizmatlarini transformatsiya qilish, fintexni rivojlantirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda sun’iy intellekt texnologiyalari moliya va fintex sohalariga qanday transformatsiya jarayonlarini olib kelayotgani, bank operatsiyalarining avtomatlashuvi, mijozlar uchun shaxsiy yechimlar va kiberxavfsizlik bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Sessiyada bank sektori hamda fintex kompaniyalari rahbarlari, texnologik startaplar va sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiquvchi tashkilotlar vakillari nutq so‘zladi. Ular tomonidan real yechimlar va ishbilarmonlikdagi tajribalar taqdim etildi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti boshlig‘i o‘rinbosari H. Ubaydullayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari departamenti rahbari Z. Mutalov ishtirok etdi.
Mazkur Forum Artificial Intelligence Journey (AIJ), IT Park, Huawei, Yandex, DataVolt kompaniyalari hamkorligida tashkil etildi.