Toshkentda “Digital.uz Chess Cup” turniri bo‘lib o‘tdi
2025-05-05 12:55:00 / Vazirlik yangiliklari

“Digital.uz Chess Cup” – IT mutaxassislari orasida eng yaxshi strateglarni aniqlashga qaratilgan yakka va jamoaviy bellashuvlardir. Turnir ishtirokchilari mantiqiy fikrlash, tezkor reaksiya va tahlil qilish qobiliyatini namoyon etdilar.
Ushbu tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Ishtirokchilar orasida – bosh direktorlar, rahbarlar, dasturchilar, tizim administratorlari, tahlilchilar va loyiha menedjerlari bor. Bu intellektual raqobat va jamoaviy ruh uyg‘unlashgan o‘ziga xos muhitni yaratdi.
Turnir Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida bo‘lib o‘tdi va unda IT Park rezidentlari hamda Raqamli texnologiyalar vazirligiga qarashli bo‘linmalar vakillaridan iborat 59 ta jamoa, jami 118 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida raqamli transformatsiya, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, kiberxavfsizlik va mamlakat IT-infratuzilmasini rivojlantirish uchun javobgar mutaxassislar bor.
G‘oliblar quyidagicha taqdirlandilar:
• 1-o‘rin — Sirojiddin Masharipov. U MacBook Pro bilan taqdirlandi.
• 2-o‘rin — Jahongir Anasov. U Xiaomi Navee S65 elektrosamokatiga ega bo‘ldi.
• 3-o‘rin – Saidbek Qadamboev. U Samsung 65 televizori bilan mukofotlandi.
Jamoaviy natijalar:
• 1-o‘rin – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti jamoasi. Ular asosiy sovrin — Dyson Purifier Cool TP07 havo tozalagichini qo‘lga kiritdilar.
• 2-o‘rin – “Passion School” jamoasi. Ularga DeLonghi ECAM avtomat qahvaqaynatgich berildi.
• 3-o‘rin – Beeline jamoasi. Ularni Samsung 65” aqlli televizor bilan taqdirlashdi.
Shaxmat – fikrlashni shakllantiradigan o‘yin. “Digital.uz Chess Cup” nafaqat sport bellashuvi, balki raqamli madaniyat rivojiga hissa qo‘shgan, IT jamoasini intellektual qadriyatlar va strategik yondashuv asosida birlashtirgan turnir bo‘ldi.