Korrupsiyaga qarshi kurashishda raqamli shaffoflikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi
2025-03-07 18:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ijtimoiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv joriy yilning 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlandi.
Raqamli texnologiyalar vazirligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan:
• ISO 37001:2016 xalqaro standarti bo‘yicha sertifikat olinib, uning amal qilish muddati uzaytirildi.
• Vazirlik korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 117 ta davlat idoralari orasida 91 ball bilan yuqori ko‘rsatkichga erishdi.
• E-Anticor.uz platformasi orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
• 15 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar (siyosat, reglament, uslubiyot, nizom va yo‘riqnomalar) qayta ishlab chiqilib amaliyotgan joriy qilingan.
• 2024-yil davomida 12 ta huquqiy targ‘ibot tadbiri hamda 432 ta uchrashuv, seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Uchrashuvda Bosh prokuratura vakillari bilan davlat xizmatchilari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish va elektron hukumat tizimlarini rivojlantirish orqali byurokratik to‘siqlarni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, raqamlashtirish sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, erishilayotgan yutuqlar, shuningdek, kelgusi yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar, vazirlik va idoralardagi raqamlashtirish holati tahlil qilindi.
Shu bilan bir qatorda, inson omilini minimallashtirish borasidagi davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonlarida uchrayotgan muammolar, ularni o‘z vaqtida bartaraf masalalari qilish muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida raqamlashtirish infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi, barcha vazirlik va idoralarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilganligi va ularni belgilangan muddatlarda va sifatli amaliyotga joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, elektron hukumat va raqamli texnologiyalarni joriy qilish orqali korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlar yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.