Savol-javoblar
Amaldagi qonunchilikka muvofiq ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini o‘zi istangan paytda ijaraga berilgan uy-joydan chiqarib yuborishga haqli emas. Buning uchun albatta, taraflar o‘rtasida ijara shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unda ijara shartlari hamda taraflarning huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilgan bo‘lishi shart. Bunday holda ijara shartnomasi bekor bo‘lmasdan turib, ijarada turgan fuqaro uy-joyni tark etmaslikka va yashashda davom etishga haqlidir.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi tuzilishini yozma shakliga amal qilmasdan, o‘zaro kelushiv asosida ijarada yashab kelayotgan fuqarolar bundan mustasno. Chunki uy-joyni ijaraga berishni belgilangan tartibiga rioya qilmaslik, keyinchalik taraflar o‘rtasida shu masalada nizo yuzaga kelgan taqdirda, biron bir huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi.
Fuqarolik kodeksining 615-moddasiga ko‘ra, uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi. Agar ijaraga oluvchi uyda ijara shartnomasi asosida yashab kelayotgan bo‘lsa, ijaraga beruvchi ijarachini bu uy-joydan chiqarish uchun avval o‘nga ijara shartnomasini bekor qilishni taklif qilishi kerak. Agar ijarada turgan shaxs dastlabki kelishilgan shartlar bo‘yicha shartnomani bekor qilishga rozi bo‘lmasa, ijarachida muddatidan avval uni uydan chiqishini talab qilish huquqi bo‘lmaydi. Shuning uchun talabni rad etib, shartnomada belgilangan to‘lovni vaqtida amalga oshirib, yashashda davom etish mumkin.
Xatto, ijara shartnomasi bo‘yicha egallab turilgan uy-joyga bo‘lgan mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi ham shartnomaning o‘zgartirilishi yoki bekor qilishga sabab bo‘lmaydi. Bunda yangi mulkdor ilgari tuzilgan shartnoma shartlari asosida ijaraga beruvchiga aylanadi.
Xullas, ijarada turgan fuqarolar, ijara shartnomasiga rioya qilgan holda kelishilgan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishsa, ularni ijaraga turgan uy-joydan asossiz chiqarib yuborishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ijaraga berilgan uy-joydan chiqarish maqsadida o‘zaro kelishuvga erishilmagan taqdirda, uy egasi yuqoridagi Kodeksning 615-moddasiga binoan, agar shartnomada uzoqroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, ijarada turgan shaxs 6 oy davomida, qisqa muddatli ijara bo‘yicha 2-martadan ko‘proq marta muddatida to‘lov qilmasa yoki uy-joy vayron qilinib, unga putur etkazilsa, yo bo‘lmasa, shu uydan g‘ayriqonuniy qilmishlar sodir etish maqsadida foydalanilgan bo‘lsa, shartnomani bekor qilish to‘g‘risida sudga da’vo kiritishi mumkin.
Xa! Bunday munosabatlarni tartibga solish maqsadida qonunchiligimizda aniq normalar belgilab qo‘yilgan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-1-moddasida fuqarolar o‘rtasida turar joyni ijara shartnomasisiz ijaraga berganligi uchun aybdor shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 barovarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga asosan g‘ayriqonuniy xarakat tufayli fuqaroning shaxsiga va mol-mulkiga etkazilgan zarar, uni etkazgan shaxs tomonidan to‘liq xajimda qoplanishi lozim.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi va davlat soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yilishi kerak.
Shartnomani hisobga qo‘yish shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay ijara.soliq.uz portali orqali bepul amalga oshiriladi va bu ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi.
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi.
Shartnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u 5 yilga tuzilgan hisoblanadi.
Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
Ijara haqi miqdori ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining o‘zaro kelishuviga binoan shartnomada belgilab qo‘yiladi.
Ijara haqining miqdori bir tomonlama o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ijara puli shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lanishi kerak.
Ijara shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.
Ijara shartnomasini ijaraga beruvchining talabi bilan bekor qilish muayyan asoslarga ko‘ra faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
Bu asoslar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- ijara puli 6 oy mobaynida yoki qisqa muddatli ijarada esa shartnomadagi muddatdan keyin 2-martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa;
- uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur etkazilsa;
- uy-joydan g‘ayriqonuniy maqsadlar uchun foydalanilgan bo‘lsa.
Ijaraga oluvchi uy-joydan boshqa maqsadda foydalansa yoki qo‘shnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsa, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirishi mumkin.
Ijaraga oluvchi bundan keyin ham qoidabuzarliklarni davom ettirsa, ijaraga beruvchi shartnomani sud tartibida bekor qilishga haqli.
- Ijaraga beruvchining ijaraga turgan shaxsni uy-joydan chiqib ketish yoki ortiqcha haq to‘lashga oid noqonuniy talablar ustidan fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlarni tiklash mumkin.