Takroriy ovoz berish va takroriy saylov tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 2 nafardan ortiq nomzod ishtirok etayotgan bo‘lsa va agar ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilardan yarmidan ko‘pining ovozini olmagan bo‘lsa, takroriy ovoz berish o‘tkaziladi, unda eng ko‘p ovoz to‘plagan 2 nomzod ishtirok etadi.
- Markaziy saylov komissiyasi takroriy ovoz berish kunini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilgan kundan e’tiboran 1 oy ichida, lekin saylov o‘tkazilgan kundan kamida 15 kun keyin o‘tkaziladigan qilib tayinlaydi. Takroriy ovoz berish o‘tkazilishi haqidagi xabar matbuotda e’lon qilinadi.
- Agar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha 2 nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda tegishli saylov komissiyasini hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi. Takroriy ovoz berish qonunchilik talablariga rioya etilgan holda 2 haftalik muddatda o‘tkaziladi.
Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.