
Qurilish va UJKX

Xidoyatov Sherzod Saidjanovich
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri
Keyingi yillarda mamlakatimizda turar-joylar, ijtimoiy-maishiy obyektlar qurilishini rivojlantirish, muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmalarini yangilash maqsadida olib borilayotgan yaratuvchilik ishlari natijasida shaharlar va qishloq aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda. Bunyodkorlik sohasiga oid barcha chora-tadbirlar Shaharsozlik kodeksi va shaharsozlik norma va qoidalari asosida tizimli olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi "Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-299-son qarori imzolandi.
2024-yil 24-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 880-son qarori qabul qilindi.
Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suv bilan ta'minlash, suv va kanalizasiya tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ichimlik suv ta'minoti va oqova suv ob'ektlarini davlat tomonidan tartibga solish, boshqarish va ekspluatasiya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida hududiy suv ta'minoti korxonalarini birlashtirgan holda “O‘zsuvta'minot” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ichimlik suv ta'minoti, kanalizasiya tizimlarini modernizasiya qilish uchun respublika byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalar, mahalliy byudjetlar hamda xalqaro moliya institutlari hisobidan yetarlicha mablag‘lar ajratib kelinmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida 2025-yilning yanvar-avgust oylarida bajarilgan qurilish ishlari hajmi 188 trln. so‘mdan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 111 foizdan ko‘proqni tashkil etdi.
Ko‘rsatilgan davrda O‘zbekiston Respublikasida qurilish ishlari iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha quyidagicha taqsimlandi:
- bino va inshootlar qurilishining ulushi 68% dan oshib, 2024-yilga nisbatan 103% dan ortiqni tashkil etdi;
- fuqarolik obyektlari qurilishining ulushi 21,0% darajasida qayd etilib, 2024-yilga nisbatan 125% dan ortiqni tashkil etdi;
- ixtisoslashtirilgan qurilish ishlarining ulushi 10 foizdan oshdi va 2024-yilga nisbatan 154% dan ortiqni tashkil etdi.