SAUDIYADA ISHLASH UCHUN IMKONIYAT: Ham daromad, ham ziyorat
2023-08-17 18:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Saudiya Arabistoni Podshohligining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yusuf bin Solih al-Gahra al-Utaybiy bilan uchrashdi.
Unda ikki davlat Hukumatlari oʻrtasida 2022-yilning 17-avgust kuni Jidda shahrida imzolangan “Ishchilarni yollash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim”ni samarali amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistondan Haj va Umra ziyoratiga boruvchilar soni keskin ortayotgani mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganini namoyon qiladi.
Ayniqsa, Haj mavsumida Saudiya Arabistonida ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish uchun ish oʻrinlariga talab keskin oshadi. 2020-2021-yillarda saudiyalik ish beruvchilar tomonidan Haj mavsumida ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish uchun Oʻzbekistondan 1000 nafar qassob va 500 nafar haydovchilarni jalb qilishga qiziqish bildirilgan.
Joriy yilning 4-sentyabridan oʻzbekistonlik Umra ziyoratiga boruvchilar uchun Saudiya Arabistoni tomonidan ham yangi reyslar amalga oshiriladi. Bu esa mazkur mamlakatda ishlash istagida boʻlgan fuqarolar uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuvda yuqorida qayd etilgan bitimga muvofiq, Podshohlik tarafidan Ish beruvchilarning imkoniyatlari va talablarini oʻrganib chiqish maqsadida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning tasarrufidagi Mehnat migratsiyasi agentligi masʼullaridan iborat Texnik qoʻmita tuzilib, tez fursatda faoliyatini boshlash borasida kelishib olindi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni ish beruvchilari va rekruting kompaniyalari vakillarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish maqsadga muvofiq ekani aytildi.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon nomidagi yordam va insonparvarlik ishlari markazi tomonidan mamlakatimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, boquvchisini yoʻqotgan voyaga yetmagan bolalar, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan xayriya dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.