XITOY BILAN HAMKORLIKKA YANGI QADAMLAR
2023-08-16 20:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun bilan uchrashdi.
Samimiy ruhda kechgan muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasida so‘nggi yillardagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotgani ta’kidlandi.
Elchi janoblari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, bu jabhaning O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga olib chiqilishini Xitoy tomoni iliq qarshilaganini e'tirof etdi.
Yurtimiz mahallalaridagi 9 ming 400 nafar hokim yordamchilari “Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikni qisqartirish” mavzusida ikki hafta mobaynida xitoylik mutaxassislardan onlayn ta’lim olishi, 200 nafar hokim yordamchilari Xitoyda tajriba almashishga yuborilishi ana shu mustahkam aloqalarning samarasidir.
Endilikda aholini kasb-hunarga o‘qitish – Xitoy tajribasidagi marketing va mijozlar bilan muloqot qilish ko‘nikmalari bo‘yicha o‘quv dasturlari asosida ham yo‘lga qo‘yiladi.
Energiya tejovchi texnologiyalar, elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini saqlash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yuzasidan hamkorlikda o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Vazir Behzod Musaev o‘z navbatida, Xitoy tomoniga O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi yaqin hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.