ISROILDA ISHLASH IMKONIYATI: UNGA KIMLAR BORADI?
2023-08-16 20:00:00 / Majlislar

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Isroil Davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Zexavit Ben-Xillel bilan uchrashdi.
Unda ikki davlat Hukumatlari o‘rtasida 2022-yil 27-iyulda imzolangan “O‘zbekiston fuqarolarini vaqtincha ishlash uchun Isroil Davlati iqtisodiyot sektorlariga jalb qilish to‘g‘risida Bitim”ni samarali amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Isroilda xorijiy davlatlardan ishchi kuchiga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda va mazkur sohada O‘zbekiston bilan hamkorlikdan mamnunmiz. Ushbu hukumatlararo bitimning samarali amalga oshirilishini birgalikda tashkil etish zimmamda turgan eng muhim vazifa” – deya ta’kidladi Zexavit Ben-Xillel.
Endilikda Isroilda vaqtincha ishlash uchun qariyalar va nogironlarni parvarishlash sohasiga yiliga 3 ming nafar o‘zbekistonlik hamshiralar jalb qilinadi.
Buning uchun, joriy yil 1-sentyabridan boshlab barcha viloyatlardagi “Ishga marhamat” monomarkazlarida hamshiralarni mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatishga o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etiladi.