O‘ZBEKISTON – GERMANIYA: MIGRATSIYA SOHASIDA YANGI KELISHUVLAR
2023-08-01 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Germaniya Federal hukumatining migratsiya masalalari bo‘yicha maxsus vakili Yoaxim Stamp boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda mehnat migratsiyasi sohasida ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi hamkorlik aloqalari yuzasidan fikrlar bildirildi.
Germaniyada ishlash istagini bildirgan fuqarolarga nemis tilini o‘rgatish, kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqish, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Germaniyada vakolatxonasini ochish kabi yo‘nalishlarda muzokaralar olib borildi.
Mehmonlar O‘zbekistonda qonuniy va xavfsiz migratsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Ma’lumot uchun: so‘nggi 2 yil ichida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniyaning 13 ta kompaniyasi bilan tibbiyot, qurilish, ishlab chiqarish, logistika, axborot texnologiyalari, mehmonxona kabi sohalarida O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyada ishga joylashtirish bo‘yicha shartnomalar tuzgan.